«Turonbank», «O‘zexpomarkaz» va Xalqaro biznes markazi sotiladi

eʼlon qilindi
O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi yirik aktivlarni xususiy sektorga o‘tkazish jarayoni kengaytirilmoqda
Foto: Turonbank.uz

O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi yirik aktivlarni xususiy sektorga o‘tkazish jarayoni kengaytirilmoqda. Yangi ro‘yxatga «Turonbank», «O‘zexpomarkaz», Xalqaro hamkorlik markazi, temiryo‘l korxonalari, texnoparklar va savdo obyektlaridagi davlat ulushlari kiritilgan.

Xususiylashtirish 2026-yil 28-avgustdagi 177-son Prezident farmoni asosida amalga oshiriladi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, hujjat doirasida jami 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi davlat ulushlari, 1 242 ta ko‘chmas mulk obyekti va qariyb 8 ming gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish rejalashtirilgan. 

«Turonbank»ning 98,9 foizi sotuvga chiqariladi

Yirik aktivlar orasida «Turonbank»ning davlatga tegishli 98,9 foiz aksiyalari bor. Ularni ochiq savdolarga chiqarish ko‘zda tutilgan.

Bankni xususiylashtirishga tayyorlash Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklatilgan. Jarayonda «Turonbank»ning tayyorgarlik darajasi hamda xalqaro konsultantlarning xulosalari hisobga olinadi.

Shuningdek, davlatga to‘liq tegishli «Xalq Sug‘urta» kompaniyasining 100 foiz ulushini ham xususiylashtirish rejalashtirilmoqda.

«O‘zexpomarkaz»ning 91,83 foizi sotiladi

Ro‘yxatga Toshkentdagi bir qator yirik obyekt va kompaniyalarning davlat ulushlari ham kiritilgan.

Xususan:

  • «O‘zexpomarkaz» — 91,83 foiz;
  • Xalqaro hamkorlik markazi — 79,27 foiz;
  • KO-UNG CYLINDER — 54,76 foiz;
  • Kor-UNG Investment — 50 foiz;
  • V-GEN BIOPHARMA — 50 foiz;
  • Inno Texnopark — 100 foiz;
  • Ustudy — 50 foiz;
  • «O‘ZBEK-TURK TEST MARKAZI» — 51 foiz.

Xalqaro hamkorlik markazi va «O‘zexpomarkaz»ni sotish uchun alohida shartlar belgilangan. Xususiylashtirish Prezident administratsiyasi bilan kelishilgan konsepsiya va sotuv shartlari asosida amalga oshiriladi.

Davlatning «Trastbank»dagi 0,001 foizlik ulushi ham ro‘yxatga kiritilgan. Ushbu paketni alohida baholamasdan, birja kotirovkasi bo‘yicha sotishga ruxsat berilgan.

Temiryo‘l korxonalaridagi ulushlar ham sotiladi

Transport sohasida «Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi»ning 90 foiz hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» tizimidagi «Andijon mexanika zavodi»ning 100 foiz ulushlarini sotish rejalashtirilgan.

Xususiylashtirish avtomobil yo‘llari sohasini ham qamrab oladi. Davlat Avtomagistral unitar korxonasi va yo‘llarni qurish, foydalanish hamda saqlash bilan shug‘ullanuvchi hududiy korxonalardagi davlat ulushlari savdoga chiqariladi.

Bundan tashqari, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi dehqon bozorlari hamda savdo majmualaridagi davlat ulushlarini sotish ham ko‘zda tutilgan.

Aktivlarni sotishning yangi tartibi joriy etiladi

PF-177-son farmon bilan davlat aktivlarini realizatsiya qilish shartlari ham o‘zgartirilgan. Jumladan, xaridor uchun avans to‘lovi 15 foiz etib belgilanadi. Qolgan summani foiz hisoblanmagan holda bosqichma-bosqich to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Yirik bitimlarda aktiv qiymatini olti oy ichida to‘liq to‘lagan xaridorga 25 foiz chegirma beriladi. Shuningdek, ayrim hollarda to‘lovni besh yoki yetti yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud.

Davlat aktivlari uch oy davomida sotilmasa, ularning narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qo‘llanadi. Ayrim hollarda «gibrid auksion»dan ham foydalanish mumkin.

Davaktiv ma’lumotiga ko‘ra, savdoga chiqariladigan aktivlarning umumiy qiymati 100 trln so‘mni tashkil etadi. Ularni sotishdan 2026-yil yakunigacha kamida 14 trln so‘m tushum olish kutilmoqda.

Avvalroq Gruziyaning Bank of Georgia bankiga egalik qiluvchi Lion Finance Group Markaziy Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda yirik bank sotib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi. 

Shuningdek