Qirg‘izistondagi «Bishkek-Arena» stadioni 386 mln dollarga qurildi

eʼlon qilindi
Stadion 51 ming tomoshabinga mo‘ljallangan
Qirg‘izistondagi «Bishkek-Arena» stadioni 386 mln dollar evaziga qurildi
Foto: 24kg

Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Askat Alago‘zov «Bishkek-Arena» stadionining qurilishiga $386 mln sarflanganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, avval tarqalgan $60 mlnlik raqam noto‘g‘ri bo‘lib, loyiha keyinchalik kengaytirilgan va ko‘p funksiyali majmuaga aylantirilgan. Alago‘zov Facebook’dagi sahifasida stadion bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar endi olinganini va shu sabab avvalgi raqamlarga aniqlik kiritilayotganini yozdi.

Alago‘zovning tushuntirishicha, stadion qurilishi dastlab 30–35 ming tomoshabinga mo‘ljallangan oddiy arena sifatida rejalashtirilgan.

O‘sha paytda loyiha qiymati taxminan $60 mln bo‘lishi aytilgan. Keyinchalik Prezident Sadir Japarov topshirig‘i bilan loyiha qayta ko‘rib chiqilib, savdo va ko‘ngilochar obyektlarni ham o‘z ichiga oladigan yirik ko‘p funksiyali majmuaga aylantirilgan.

Stadion 51 ming tomoshabinga mo‘ljallangan

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, «Bishkek-Arena» 20 gektar hududda qurilgan.

Majmuaning umumiy qurilish maydoni 194,2 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Stadion diametri 280 metr, balandligi 70 metr bo‘lib, sakkiz qavatdan iborat.

Arena 51,2 ming tomoshabinga mo‘ljallangan.

Majmuada savdo markazi va kinoteatrlar ham bor

«Bishkek-Arena» tarkibida 35,9 ming kvadrat metrlik savdo markazi barpo etilgan. Unda 48 ta do‘kon, bitta supermarket, 18 ta savdo shoxobchasi, 23 ta restoran, 11 ta kafe va to‘rtta kinoteatr zali bo‘lishi aytilgan.

Shuningdek, bolalar maydonchasi, sport zali va umumiy maydoni 5 087 kvadrat metr bo‘lgan terrasalar ham ko‘zda tutilgan.

Sig‘im FIFA talablari sabab oshirilgan

Foto: QR prezidenti matbuot xizmati

Alago‘zovning aytishicha, stadion sig‘imini 50 mingdan oshirishga FIFA’ning xalqaro musobaqalar o‘tkaziladigan arenalarga qo‘yadigan talablari ham sabab bo‘lgan.

U «Bishkek-Arena» narxini boshqa davlatlardagi yirik stadionlar bilan taqqosladi. Masalan, AQShdagi 65 ming o‘rinli Allegiant stadioni $1,9 mlrd, Angliyadagi Tottenham Hotspur stadioni $1,33 mlrd, Singapur milliy stadioni esa $1,31 mlrdga tushgani keltirildi.

Qurilish xarajatlari tekshiriladi

Shu bilan birga, stadion qurilishiga sarflangan mablag‘lar bo‘yicha tekshiruv o‘tkaziladi.

Alago‘zovning ma’lum qilishicha, Sadir Japarov Hisob palatasi va boshqa davlat organlari vakillaridan iborat komissiya tuzishni topshirgan.

Komissiya qurilish materiallari to‘liq ishlatilganmi, ishchilarga ish haqi to‘liq to‘langanmi va mablag‘lar maqsadli sarflanganmi — shularni o‘rganadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda raqamli som 2027-yildan muomalaga kirishi mumkinligi xabar berilgandi.

Shuningdek