O‘zbekiston va Serbiya strategik sherik bo‘ldi: 20 ta hujjat imzolandi

O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Belgradda o‘tkazilgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.
Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat hamkorligining iqtisodiyot, transport, energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa yo‘nalishlarini qamrab oluvchi 20 ta ikki tomonlama hujjat almashildi.
Erkin savdo bo‘yicha muzokaralarga tayyorgarlik boshlanadi

Imzolangan hujjatlar orasida iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan bir qator kelishuvlar bor. Xususan, O‘zbekiston va Serbiya erkin savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun maxsus ishchi guruh tuzishga kelishib oldi.
Shuningdek, iqtisodiy diplomatiya, bojxona ishlarida hamkorlik va o‘zaro yordam, mehnat mobilligi va migratsiyasi, avtomobil transportida yo‘lovchi va yuklarni xalqaro tashish bo‘yicha hujjatlar almashildi.
Tomonlar hududlararo aloqalarni ham kuchaytiradi. Samarqand viloyati va Serbiyaning Voyevodina avtonom o‘lkasi o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha alohida hujjat qabul qilindi.
Transport va O‘rta yo‘lak hamkorlikning muhim qismiga aylandi
Muzokaralarda transport-logistika yo‘nalishiga ham katta e’tibor qaratildi. Tomonlar temir yo‘l infratuzilmasi sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, O‘rta yo‘lakni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sheriklikni rivojlantirishga kelishib oldi.
Bu yo‘nalishdagi kelishuvlar O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish, yuk tashish yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash va ikki mamlakatning tranzit imkoniyatlaridan samaraliroq foydalanishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Energetika va raqamlashtirish bo‘yicha yangi kelishuvlar tuzildi
Ikki davlat qayta tiklanuvchi energetika va «yashil» texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni ham kengaytiradi. Bundan tashqari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamlashtirish, elektron hukumat va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha alohida kelishuvlarga erishildi.
Farmatsevtika va biotexnologiyalar, qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq joylarni barqaror rivojlantirish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish ham hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Madaniyat, turizm va kino ham qamrab olindi
O‘zbekiston va Serbiya turizm va madaniy safarlar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham kelishib oldi. 2026 – 2028-yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlik dasturi qabul qilindi.
Shuningdek, kinematografiya sohasida hamkorlik qilish va qo‘shma filmlar ishlab chiqarish bo‘yicha hujjat almashildi. Mehnat xavfsizligi va sog‘liqni muhofaza qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish hamda ularning jamiyatdagi mavqeyini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida ham sheriklikni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston va Serbiya savdo, sanoat va migratsiya bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida yozgan edi.