Belgraddagi bir ko‘chaga «Toshkent» nomi beriladi

Serbiya poytaxti Belgrad ko‘chalaridan biriga «Toshkent» nomi beriladi. Tegishli marosim Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston va Serbiya rahbarlari ushbu qarorni ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganining ramziy ifodasi sifatida baholadi.
Ko‘cha ikki xalq do‘stligi ramzi bo‘ladi

Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich Belgradda Toshkent nomidagi ko‘cha paydo bo‘lishi O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalar jadal rivojlanayotganini ko‘rsatishini ta’kidladi.
Tomonlar Toshkent ko‘chasi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi

Mazkur marosim Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga rasmiy tashrifi doirasidagi tadbirlardan biri bo‘ldi.
Avvalroq Belgradda O‘zbekiston va Serbiya prezidentlari muzokaralar yakunida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzolagan edi.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida transport, savdo, energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi, turizm, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oluvchi qator hujjatlar almashildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Shavkat Mirziyoyev Serbiyaning oliy ordeni bilan taqdirlangani haqida yozgan edi.