Serbiya O‘zbekiston bilan ballistik raketalar bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich mamlakat bir yil ichida uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirayotganini va bu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u Belgradda o‘tkazilgan O‘zbekiston – Serbiya biznes forumida aytdi.
Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat mudofaa sanoatida ham hamkorlikni kengaytirishi mumkin.
Ishlab chiqarish bir yildan keyin boshlanishi aytildi
Forum davomida Serbiya prezidenti mamlakat mudofaa sanoati rivojlanayotganini va ayrim texnologiyalar bo‘yicha boshqa davlatlar bilan tajriba almashayotganini ta’kidladi.
U Serbiya Mudofaa vazirligi vakilidan uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni qachon boshlash mumkinligini so‘radi. Vazirlik vakili bunga taxminan bir yil kerakligini bildirgan.
«Bir yildan keyin biz uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlaymiz va bu masalada ham sizlar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz», – dedi Vuchich O‘zbekiston vakillariga murojaat qilib.
U Serbiya hozirning o‘zida qisqa masofali raketalar ishlab chiqarayotganini ham aytgan.
Mudofaa sanoati hamkorlik yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi mumkin
Vuchich O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.
Uning fikricha, ikki davlat nafaqat savdo va investitsiya, balki sanoat va texnologik yo‘nalishlarda ham qo‘shma loyihalarni rivojlantirishi mumkin.
Shuningdek o‘qing: O‘zbekiston va Serbiya strategik sherik bo‘ldi: 20 ta hujjat imzolandi
Toshkent va Belgrad o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reys ochilishi kutilmoqda
Vuchichning aytishicha, Toshkent – Belgrad to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovini kelgusi yetti-sakkiz oy ichida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev esa Belgradda O‘zbekistonning alohida diplomatik vakolatxonasini ochish bo‘yicha qaror qabul qilinganini ma’lum qildi. Dastlabki diplomatlar yaqin kunlarda Serbiyaga yuborilishi aytilgan.
Avvalroq Belgraddagi bir ko‘chaga «Toshkent» nomi berilishi ma’lum qilingandi. Tomonlar Toshkent ko‘chasi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.