Bugun yangi iPhone’lar taqdim etiladi: Apple’dan o‘zgacha model kutilmoqda

Apple 9-sentabr kuni yangi iPhone’lar taqdimotini o‘tkazadi. Kompaniya tadbirida uning ilk bukiladigan smartfoni namoyish etilishi kutilmoqda. Taqdimot Apple’ning yangi bosh direktori Jon Ternus uchun ham muhim voqea bo‘ladi. U 1-sentabrdan Tim Kuk o‘rnini egallagan. Bu haqda Agence Presse xabar berdi.
Apple bukiladigan smartfon bozoriga kiradi
Samsung, Motorola va Google kabi kompaniyalar allaqachon bukiladigan smartfonlarni taqdim etgan. Apple esa yangi texnologiyalarni bozorga olib chiqishda odatda shoshilmaydi.
Tahlilchilarga ko‘ra, kompaniyaning kechroq bozorga kirishi unga raqobatchilar tajribasidan foydalanib, texnologiyaning asosiy kamchiliklarini bartaraf etish imkonini beradi.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, yangi bukiladigan iPhone kitob yoki pasport kabi ochiladigan konstruksiyaga ega bo‘lishi mumkin. Uning narxi $2 500 dan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Bukiladigan smartfonlar hozircha umumiy telefon bozorining kichik qismini tashkil qiladi. Biroq Apple’ning ushbu segmentga kirishi uning ommalashishiga turtki berishi mumkin.
iPhone 18 qimmatroq bo‘lishi mumkin
Yangi iPhone’lar avvalgi avlodga qaraganda qimmatroq bo‘lishi kutilmoqda. Bunga global xotira chiplaridagi taqchillik sabab bo‘lishi mumkin.
Taqqoslash uchun, iPhone 17 modellari narxi $799 dan $1 999 gacha bo‘lgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Apple dastlab yuqori darajadagi iPhone Pro va Pro Max modellarini yangilashi, standart iPhone 18 hamda ayrim boshqa modellarni esa keyinroq taqdim etishi mumkin.
Yangi jamoa uchun ilk katta sinov
Jon Ternus Apple rahbari sifatida ilk bor kompaniyaning yirik mahsulot taqdimotini o‘tkazadi. U 1-sentabr kuni 15 yil davomida kompaniyani boshqargan Tim Kukning o‘rnini egallagan.
Ko‘proq biling: iPhone Ultra narxi qancha bo‘lishi ochiqlangandi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Ternus uchun asosiy vazifalardan biri Apple’ning sun’iy intellekt sohasidagi raqobatbardoshligini kuchaytirish bo‘ladi. Kompaniya avvalroq Siri’ning yangi imkoniyatlarini taqdim etishini ma’lum qilgan.
Apple yangi rahbar davrida iPhone’ning asosiy mahsulot sifatidagi mavqeyini saqlab qolish bilan birga, kelajakda smartfon o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan texnologiyalarga ham moslashishi kerak bo‘ladi.
O‘tgan yilgi iPhone 17 qatorida kompaniya juda yupqa iPhone Air modelini ham taqdim etgan edi. Yangi avlod taqdimoti esa Ternus boshqaruvidagi Apple’ning dastlabki katta sinovlaridan biri bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple iPhone 18 liniyasini hali rasman taqdim etmagani, biroq Rossiyada iPhone 18 Pro Max uchun erta bron qilish boshlangani haqida xabar berilgandi.