Vuchich: O‘zbekiston ikkinchi AESni Xitoy bilan quradi

eʼlon qilindi
Energiya AI va data-markazlar uchun kerak bo‘ladi
Foto: shutterstock

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning aytishicha, O‘zbekiston bir atom elektr stansiyasini Rossiya, ikkinchisini esa Xitoy bilan qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda u Belgradda o‘tgan O‘zbekiston – Serbiya biznes forumidagi chiqishida ma’lum qildi.

Vuchich bu fikrni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan energetika sohasidagi suhbatlarini eslar ekan bildirdi.

Serbiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Mirziyoyev unga O‘zbekistonning energetika quvvatlarini kengaytirish rejalari haqida gapirgan.

«U menga bir atom elektr stansiyasini Rossiya bilan, ikkinchisini esa Xitoy bilan qurayotganini aytdi», – dedi Vuchich.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston rahbari bundan keyingi yangi energetika loyihalarini ham rejalashtirmoqda.

Energiya AI va data-markazlar uchun kerak bo‘ladi

Vuchich O‘zbekistonning energiya ishlab chiqarishni oshirish rejasini uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanish bilan bog‘ladi.

Shuningdek o‘qing: Mirziyoyev O‘zbekistonda ikkinchi AES bo‘yicha tayyorgarlik boshlanishini ma’lum qildi

Uning fikricha, kelajakda data-markazlar, sun’iy intellekt, innovatsiyalar va elektromobillar rivoji uchun katta hajmda elektr energiyasi talab etiladi.

«Shunda men uning kelajak haqida qanday o‘ylashini tushundim. U data-markazlar, innovatsiyalar, sun’iy intellekt va elektromobillar uchun juda katta miqdorda elektr energiyasi kerak bo‘lishini biladi», – dedi Serbiya prezidenti.

Xitoy bilan AES bo‘yicha tafsilotlar aytilmadi

Vuchichning chiqishida Xitoy bilan qurilishi aytilgan AESning quvvati, joylashuvi, qiymati yoki qurilish muddati haqida tafsilotlar keltirilmagan.

Shu sabab hozircha bu ma’lumot Serbiya prezidenti tomonidan O‘zbekiston rahbari bilan suhbatdan keltirilgan bayonot sifatida ma’lum bo‘ldi.

Vuchich O‘zbekistonning energetika, sun’iy intellekt, biotexnologiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridagi rivojlanishini yuqori baholadi.

U ikki davlat ushbu yo‘nalishlarda texnologiya almashinuvi, investitsiyalar va qo‘shma loyihalarni rivojlantirishi mumkinligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AES qurilishida mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 30 foizga yetkazilishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek