«Ming so‘mdan, akajonlar». Qarzga botgan «Bunyodkor»ga yordam berish boshlandi

«Bunyodkor» stadionining qariyb 2 mlrd so‘mlik elektr energiyasi qarzdor ekani aniqlandi. O’zbekiston Professional futbol ligasi 4-sentabrdan buyon elektr ta’minotisiz qolayotgan stadionga «svet»sni qaytarish uchun aksiya boshladi.
Professional futbol ligasi ma’lumotiga ko‘ra, «Bunyodkor» futbol klubi va stadion bir qator qarzdorliklarga duch kelgan. Klub FIFA tomonidan sobiq futbolchilari Rivaldo va Itsuki Urata oldidagi qarzdorlik sababli taqiq ostida qolgan.
Stadionning qarzlari ko‘paygan
Qayd etilishicha, stadion ishchilar, soliqlar va kommunal to‘lovlar bo‘yicha ham qarzdor.
2025-yilda stadionda o‘tkazilgan konsert dasturidan keyin maydon chimi qayta tiklangan. Biroq stadion chimni yotqizgan kompaniya oldidagi majburiyatlarini ham to‘liq bajarmagan. Oqibatda qarzdorlik yangi chimning holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Elektr energiyasi uchun qarzdorlik miqdori esa qariyb 2 mlrd so‘mga yetgan. Shu sababli stadion 2026-yil 4-sentabrdan elektr ta’minotidan uzib qo‘yilgan.
PFL xayriya aksiyasini boshladi
Aksiya doirasida fuqarolar ming so‘mdan boshlab, imkoniyatiga qarab mablag‘ o‘tkazishi mumkin.
Qo‘shimcha qilinishicha, stadion binolari va inshootlarini ijaraga berish orqali daromad olishga harakat qilmoqda, biroq ayrim ijarachilar ham obyektni tark etish masalasini ko‘rib chiqyapti.
Avvalroq elektr yo‘qligi sababli O‘zPFL ofisi vaqtincha masofadan ishlash rejimiga o‘tgani haqida xabar berilgandi.