Apple iPhone 17 va iPhone Air narxlarini oshirdi

eʼlon qilindi
Apple iPhone 17 va iPhone Air narxlarini oshirdi
Foto: Apple

Apple yangi iPhone’lar taqdimotidan so‘ng avvalgi avlod smartfonlari narxini pasaytirish o‘rniga ayrim modellar qiymatini oshirdi. iPhone 17, iPhone 17e va iPhone Air narxlari ko‘tarildi, kompaniya esa buning sabablarini hozircha rasman izohlamadi.

Aksariyat konfiguratsiyalar $100 ga qimmatlashdi. iPhone Air’ning 1 TB xotirali eng yuqori konfiguratsiyasi esa birdaniga $300 ga qimmatlagan.

iPhone 17 endi $900 dan boshlanadi

256 GB xotirali bazaviy iPhone 17 narxi $100 ga oshib, $900 ga yetdi. 512 GB xotirali versiya uchun esa endilikda $1100 to‘lash kerak bo‘ladi.

Nisbatan hamyonbop iPhone 17e ham qimmatlashgan. Uning 256 GB xotirali varianti $700, 512 GB xotirali modeli esa $900 dan sotilmoqda.

Shu tariqa Apple yangi avlod qurilmalarini taqdim etganidan keyin eski modellarga narxni pasaytirish bo‘yicha avvalgi amaliyotini bu safar takrorlamadi.

iPhone Air’ning 1 TB versiyasi $1700 ga yetdi

Narxlarning eng sezilarli o‘zgarishi iPhone Air’da kuzatildi. Modelning 256 GB xotirali versiyasi $1100, 512 GB xotirali varianti esa $1300 ga baholangan.

1 TB xotirali eng yuqori konfiguratsiyaning narxi $1700 ga yetdi. U avvalgi narxiga nisbatan $300 ga qimmatlashgan.

Apple rasmiy savdosida iPhone 16 ham saqlanib qolgan. Uning boshlang‘ich narxi hozirda $800 ni tashkil etadi.

Modellar yana kamida bir necha oy sotilishi mumkin

Hozircha Apple narxlarning oshirilishiga nima sabab bo‘lganini tushuntirmadi. Kompaniya iPhone 17, iPhone 17e va iPhone Air’ni sotuvdan qachon olib tashlashi haqida ham rasmiy ma’lumot bermagan.

Mavjud norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone oilasining nisbatan arzon segmenti 2027-yil bahorida yangilanishi mumkin. Shu vaqtgacha iPhone 17, iPhone 17e va iPhone Air’ning hozirgi avlodi yangi iPhone 18 Pro hamda buklanuvchi iPhone Duo bilan parallel ravishda sotuvda qolishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek