
Xiaomi Xitoyda yangi buklanuvchi Xiaomi 18 Fold smartfoni savdosini boshladi. Qurilma 200 megapikselli Leica kamerasi, 6000 mA/soat batareya va yangi Xring O3 protsessori bilan jihozlangan, narxi esa 11 ming yuandan, ya’ni taxminan $1,6 mingdan boshlanadi.
Xiaomi 18 Fold kompaniyaning yangi Xring O3 protsessori bilan jihozlangan ilk smartfon bo‘ldi. Xiaomi rahbari Lu Veybingning ta’kidlashicha, bu sun’iy intellekt imkoniyatlariga ega flagman chip bo‘lib, AnTuTu testida 5 mln balldan yuqori natija qayd etgan.
Smartfonning tashqi ekrani 5,38 dyuymni tashkil qiladi. Qurilmaning qalinligi ochilgan holatda taxminan 5 mm.
Asosiy kamera 200 MP
Xiaomi 18 Fold Leica kamera tizimiga ega. Asosiy kamera 200 megapikselli sensor bilan jihozlangan.
Bundan tashqari, smartfonda 3,5 karra optik yaqinlashtirish imkonini beruvchi periskop teleobyektiv ham mavjud.
Shuningdek o‘qing: Xiaomi 10 000 mA/soat batareyali yangi Redmi tayyorlamoqda
6000 mA/soat batareya o‘rnatildi
Qurilma 6000 mA/soat sig‘imli Xiaomi Jinshajiang batareyasini oldi. Undagi kremniy ulushi 20 foizni tashkil etadi.
Shuningdek, buklanuvchi konstruksiyaning chidamliligini oshirish uchun yangi Xiaomi Dragon-Bone sharniri va ikki qatlamli ultra yupqa UTG shishasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi 18 Fold keramika korpusda ko‘rsatilgandi. Keramika versiyasidan tashqari, Xiaomi 18 Fold qizil, oltin-oq va to‘q kulrang ranglarda ham chiqarilishi kutilmoqda. Ceramic Special Edition’ning keramika korpusdan tashqari boshqa farqlari hozircha ochiqlanmagan.