Yangi o‘zbek alifbosi Senat tomonidan tasdiqlandi

Senatning 19-yalpi majlisida «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun muhokama qilindi. Senatorlar hujjatni ma’qulladi.
Qonun bilan amaldagi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining tarkibi o‘zgartirilmoqda. Yangi tahrirga ko‘ra, alifbo 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf hamda 1 ta tutuq belgisidan tashkil topadi.
Amaldagi hujjatlar o‘z kuchini saqlab qoladi

Yangi alifboga o‘tish jarayonida fuqarolar va tashkilotlarning huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normalar ham belgilandi.
Qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlarning amal qilishiga to‘sqinlik qilinmaydi. Xuddi shuningdek, amaldagi yozuvda chiqarilgan milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar ham muomalada qoladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining ayrim ramziy belgilari, peshlavhalari hamda ko‘rsatkichlaridan ular yaroqsiz holga kelguniga qadar yoki belgilangan muddat yakuniga yetgunicha foydalanishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, o‘qing: Yangi harflar, eski muammo: alifbo masalasi yana muhokama markazida
O‘zbek tilini raqamlashtirish imkoniyatlari kengayadi
Majlisda keyingi yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va uning davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Senatorlar fikricha, qonunning qabul qilinishi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirish, davlat tilidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda o‘zbek tilini raqamlashtirish jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Avvalroq «Kursiv» turkiy xalqlar uchun yagona alifbo joriy etilgani haqida yozgan edi.