Maktab darsliklari yangi alifboga qachon o‘tadi va qancha mablag‘ ketadi

O‘zbekistonda barcha maktab darsliklarini 2027 – 2031-yillar davomida yangi o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tkazish rejalashtirilgan. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyevning aytishicha, bu jarayon darsliklarning odatiy yangilanish sikli doirasida amalga oshiriladi va qo‘shimcha mablag‘ talab etmaydi.
Birinchi sinf darsliklari 2027-yildan yangilanadi
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, yangi alifbo kuchga kirgach, birinchi sinf uchun darsliklar darhol yangi yozuv asosida chop etila boshlaydi.
«2027-yildan boshlab, qonun kuchga kirgandan so‘ng birinchi sinf darsliklarini har qanday holatda ham yangi alifbodan foydalangan holda chop etamiz», – dedi Azizbek Turdiyev.
Uning ta’kidlashicha, darsliklar ma’lum davriylik asosida yangilanadi. Birinchi sinf darsliklari har yili, 2 – 4-sinflar uchun uch yilda bir marta, 5 – 11-sinflar uchun esa besh yilda bir marta qayta nashr qilinadi.
Barcha darsliklar 2031-yilgacha o‘zgartiriladi
Vazirlik rejasi bo‘yicha, 2027 – 2031-yillarda barcha maktab darsliklari yangilangan alifboga moslashtiriladi.
«2027 – 2031-yillarda barcha darsliklarimiz to‘liq yangilanadi. Shu nuqtayi nazardan qo‘shimcha mablag‘ talab etilmaydi», – dedi vazirlik vakili.
Ya’ni yangi alifboga o‘tish alohida darslik kampaniyasi sifatida emas, balki mavjud qayta nashr etish jadvali doirasida amalga oshiriladi.
Shuningdek, o‘qing: Yangi harflar, eski muammo: alifbo masalasi yana muhokama markazida
O‘qituvchilar uchun seminarlar o‘tkaziladi
Vazirlik o‘qituvchi va o‘quvchilarni yangi alifboga moslashtirish bo‘yicha ham tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Vazir o‘rinbosarining aytishicha, yangi o‘quv yili oldidan 24 – 28-avgust kunlari maktabgacha va maktab ta’limi tizimida maxsus o‘quv seminarlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Imtihonlar yangi alifboda o‘tkaziladi
Majlisda imtihonlar qaysi yozuvda o‘tkazilishi masalasi ham muhokama qilindi. Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, qonun kuchga kirgach, imtihonlar ham yangi alifbo asosida o‘tkaziladi.
«Qonun kuchga kirgach, imtihonlar qonunda belgilangan alifboda o‘tkaziladi. Bu borada hech qanday savol bo‘lmaydi. Biz bunga tayyormiz», – dedi Turdiyev.
Boshlang‘ich sinflar yangi yozuvga birinchi bo‘lib o‘tadi, yuqori sinflar darsliklari esa 2031-yilgacha bosqichma-bosqich yangilanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kursiv» turkiy xalqlar uchun yagona alifbo joriy etilgani haqida yozgan edi.