Saida Mirziyoyeva Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlandi

Prezident farmoni bilan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘z lavozimini saqlab qolgan holda Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlandi.
U Moliya markazi kengashining bosh kotibi hisoblanadi va markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish jarayonini muvofiqlashtiradi.
Boshqaruvchi markaz kengashi ishini tashkil etadi
Saida Mirziyoyeva Toshkent xalqaro moliya markazi kengashi kun tartibini shakllantirishni tashkil etadi. Shuningdek, kengash raisi qatnashmagan majlislarda ularga raislik qiladi.
Boshqaruvchining muhim yo‘nalishlaridan biri Moliya markazi faoliyatini tashkil etish va uning ishini muvofiqlashtirish bo‘ladi.
Xususan, birinchi navbatdagi hujjatlarni tayyorlash, davlat organlari va markaz tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish vazifalari unga yuklatilgan.
Shuningdek o‘qing: Toshkent moliya markazi istalgan valyutadagi bitimlar uchun eshiklarni ochadi
Investorlar va xalqaro tashkilotlar bilan ishlaydi
Saida Mirziyoyeva Moliya markazi nomidan O‘zbekistonda va xorijda xalqaro tashkilotlar, investorlar hamda hamkorlar bilan munosabatlarda markazga vakillik qiladi. U kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ham ishtirok etadi.
Boshqaruvchi Moliya markazi ma’muriyatining ijrochi direktori va uning o‘rinbosarlarini tayinlashda qatnashadi. Shuningdek, Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi rahbariyati bo‘yicha tavsiyalar kiritadi.
Bundan tashqari, boshqaruvchi bitimlar tuzish, ishchi guruhlar tashkil etish va ekspertlarni jalb qilish huquqiga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kursiv» Saida Mirziyoyeva Fransiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashgani haqida yozgan edi.