Chorvoqda cho‘kib ketgan ikkinchi kishining jasadi topildi

Chorvoq suv omborida cho‘kib ketgan ota va uning ikki o‘g‘lidan ikkinchisining jasadi topildi. Hozir otaning jasadini qidirish ishlari davom etmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ikkinchi fuqaroning jasadi bugun soat 12:07 da g‘avvos-qutqaruvchilar tomonidan topilgan.
Hodisa 2-sentabr kuni yuz bergan
Voqea 2-sentabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv omborida sodir bo‘lgan. Oila a’zolaridan biri katerda sayr paytida cho‘milish uchun suvga tushgan. U qutqaruv nimchasisiz bo‘lgani sabab cho‘ka boshlagan.
Unga yordam berish uchun akasi va otasi ham suvga tushgan. Oqibatda uchalasi ham cho‘kib ketgan.
Birinchi jasad 9-sentabr kuni topilgan
FVV g‘avvoslari kichik o‘g‘ilning jasadini 9-sentabr kuni soat 13:02 da topgan edi.
Bugun esa ikkinchi o‘g‘ilning jasadi aniqlangan.
Shuningdek, o‘qing: Toshkentdagi Milliy bog‘da 4 yoshli qiz cho‘kib ketdi
Otaning jasadi qidirilmoqda
Hozirda FVV qutqaruvchilari otaning jasadini topish bo‘yicha qidiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Karmanadagi Zarafshon daryosida uch fuqaro cho‘kib, vafot etgandi. Hodisa 8-iyul kuni soat 13:50 da Katta masjid mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, uch nafar fuqaro daryoga cho‘milish uchun borgan va ehtiyotsizlik oqibatida cho‘kib ketgan.