Alifboning yangi harflari klaviaturada qanday yoziladi

eʼlon qilindi
O‘zbek alifbosiga kiritilishi taklif etilayotgan Ö, Ğ, Ş va Ç harflari uchun klaviaturada alohida tugmalar ajratilishi mumkin
Foto: Senat

O‘zbek alifbosiga kiritilishi taklif etilayotgan Ö, Ğ, Ş va Ç harflari uchun klaviaturada alohida tugmalar ajratilishi mumkin. Hukumat davlat axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va elektron hujjat aylanishini yangi alifboga moslashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Senat majlisida Raqamli texnologiyalar vazirligi vakili senator Husan Ermatovning savoliga javoban ma’lum qildi. 

Yangi harflar uchun klaviaturadan joy ajratiladi

Raqamli texnologiyalar vazirligining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nurulla Abdullayevning ma’lum qilishicha, alifbo bo‘yicha qonun qabul qilingach, yangi texnik standart ishlab chiqiladi.

Unga ko‘ra, avvalo davlat axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari auditi o‘tkaziladi. Ulardagi amaldagi O‘, G‘, Sh va Ch belgilarini yangi harflarga moslashtirish, tizimlar o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvini va elektron hujjat aylanishini yangilash rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni yangi formatga ko‘chirish, qidiruv va shaxsni identifikatsiya qilish mexanizmlarini ham moslashtirish ko‘zda tutilgan.

To‘rtta yangi harf bitta tugma bilan yoziladi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayevning aytishicha, yangi alifbo loyihasini ishlab chiqishda uning raqamli texnologiyalarga mosligi ham hisobga olingan.

Mutaxassislar standart lotin klaviaturasidagi bo‘sh tugmalarga Ö, Ğ, Ş va Ç harflarini joylashtirish variantlarini taklif qilmoqda. Mazkur tugmalar odatda [ ] \ ; ‘ belgilariga ajratilgan hududda joylashgan.

Xolbo‘tayevning ta’kidlashicha, yangi maket orqali hozirgi kabi bir nechta tugmani bosish yoki qo‘shimcha belgilar yordamida emas, balki bitta tugma orqali yangi harflarni yozish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Xususiy dasturchilar ham yangi alifboga mos yechimlar ustida ishlashni boshlagan. Internetda kirill va amaldagi lotin yozuvidagi matnlarni yangi alifboga avtomatik o‘girish imkonini beruvchi dasturlar ham paydo bo‘lmoqda.

Davlat tizimlari ham yangi alifboga o‘tkaziladi

Yangi alifbo joriy etilsa, o‘zgarishlar faqat klaviatura bilan cheklanmaydi. Davlat axborot tizimlari, elektron hukumat platformalari, ma’lumotlar bazalari va elektron hujjat aylanishi ham yangilangan standartga moslashtiriladi.

Bu jarayonda amaldagi yozuvdagi ma’lumotlarni yangi alifboga avtomatik almashtirish va turli tizimlar o‘rtasida ma’lumot almashish imkoniyatini saqlab qolish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Nodirjon Xolbo‘tayev amaldagi O‘ va G‘ harflaridagi qo‘shimcha belgilar o‘zbek tilini raqamlashtirishda muayyan qiyinchiliklar tug‘dirayotganini qayd etdi.

Yangi alifbo hali kuchga kirgani yo‘q

Avvalroq Senat lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritishni ma’qullagan edi. Taklif etilayotgan variantda amaldagi 26 ta harf va uchta harf birikmasi o‘rniga 28 ta harf va bitta apostrof bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. 

Unga ko‘ra, Sh, Ch, O‘ va G‘ o‘rniga mos ravishda Ş, Ç, Ö va Ğ harflaridan foydalanish taklif etilmoqda. Ng esa alifboning alohida birligi sifatida chiqarib tashlanadi.

Biroq yangi alifbo hali yakuniy kuchga kirgan emas. Qonun kuchga kirishi uchun uni Prezident imzolashi kerak.

Avvalroq O‘zbekistonda barcha maktab darsliklarini 2027–2031-yillar davomida yangi o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tkazish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi. 

Shuningdek