Alifbo mojarosi: OAV yangi o‘zbek alifbosiga o‘tkaziladi

O‘zbekistonda qonun kuchga kirgach, ommaviy axborot vositalari va rasmiy ish yuritishni yangi o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Biroq OAV qachondan yangi alifboda ishlashi bo‘yicha hozircha aniq muddat belgilanmagan. Bu haqda 10-sentabr kuni Senat majlisida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev ma’lum qildi.
OAV uchun yagona alifbo joriy qilinadi
Masala senator Husan Ermatov tomonidan ko‘tarildi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston lotin yozuviga o‘tishni hali to‘liq yakunlamagan. Ayrim gazetalar hanuz kirill yozuvida chop etilmoqda.
Senator yangi alifbo joriy etilgach, o‘tish jarayoni aniq muddatlar bilan belgilanmasa, mamlakatda bir vaqtning o‘zida uch xil yozuv varianti qo‘llanishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Ermatov OAV, pasport, hujjatlar, manzil lavhalari va boshqa sohalar uchun yangi alifboga o‘tish muddatlarini oldindan belgilash zarurligini ta’kidladi.
Hukumat OAVni yangi alifboga o‘tkazadi
Nodirjon Xolbo‘tayevning aytishicha, yangi alifbo bo‘yicha qonun kuchga kirgach, yagona standartga o‘tish masalasi qat’iy nazoratga olinadi.
Uning ta’kidlashicha, barcha OAV yagona, standartlashtirilgan va tasdiqlangan yangi alifboda ishlashi talab qilinadi.
Xuddi shunday tartib davlat organlari va rasmiy ish yuritishga ham tatbiq etiladi. Bunda rasmiy hujjatlar va davlat idoralaridagi yozishmalar bosqichma-bosqich yangilangan alifboga o‘tkaziladi.
Shaxsiy yozishmalarga esa bunday talab qo‘yilmaydi. Fuqarolar kundalik muloqotda o‘zlari o‘rgangan yozuv tizimidan foydalanishda davom etishi mumkin.
O‘tish muddati dasturda belgilanadi
Senatdagi muhokamada OAVning yangi alifboga o‘tishi uchun aniq sana aytilmadi.
Xolbo‘tayevning ma’lum qilishicha, tegishli chora-tadbirlar hozir ishlab chiqilayotgan Vazirlar Mahkamasi dasturiga kiritilishi kerak.
Dastur doirasida texnik sharoitlarni yaratish, mutaxassislarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish, shuningdek, zarur qo‘llanmalarni tayyorlash nazarda tutilmoqda.
Yangi alifboda Ö, Ğ, Ş va Ç bo‘ladi
Avvalroq Senat lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlarni ma’qullagan edi. Taklif etilayotgan yangi variant 28 ta harf va bitta apostrofdan iborat bo‘ladi.
Unda amaldagi O‘, G‘, Sh va Ch o‘rniga Ö, Ğ, Ş va Ç harflaridan foydalanish taklif etilmoqda. Ng esa alifboning alohida birligi sifatida chiqarib tashlanadi.
Biroq yangi alifbo hozircha kuchga kirgani yo‘q. Qonun kuchga kirishi uchun uni prezident imzolashi kerak.
Avvalroq O‘zbek alifbosiga kiritilishi taklif etilayotgan Ö, Ğ, Ş va Ç harflari uchun klaviaturada alohida tugmalar ajratilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.