Ozarbayjon Xalqaro Banki «Davrbank»’ning 51% aksiyasini 140 mln dollarga sotib oldi

eʼlon qilindi
Foto: Roman Fedotov

Ozarbayjon Xalqaro Banki — ABB O‘zbekistondagi «Davrbank»’ning 51% aksiyasini sotib olib, bankning nazorat paketiga ega bo‘ldi. Bitimning «Toshkent» Respublika fond birjasida qayd etilgan umumiy qiymati 1,646 trln so‘m yoki qariyb $140 mlnni tashkil etdi.

Birja ma’lumotlariga ko‘ra, tranzaksiya 10-sentabr kuni oltita ketma-ket bitim shaklida amalga oshirilgan. ABB jami 51 mln dona oddiy aksiyani har bir qimmatli qog‘oz uchun 32 281,28 so‘mdan xarid qilgan.

Bitim oltita tranzaksiya orqali amalga oshirildi

«Davrbank» aksiyalarining 51 foizini sotib olish bo‘yicha operatsiya bir kunda bir necha bosqichda o‘tkazilgan. Barcha bitimlarda bir dona aksiya uchun bir xil — 32 281,28 so‘mlik narx qo‘llanilgan.

Natijada Ozarbayjon Xalqaro Banki «Davrbank»’ning 51 mln dona oddiy aksiyasiga egalik qila boshladi va bankdagi nazorat paketini qo‘lga kiritdi.

Bitimning yakuniy qiymati dastlab muhokama qilingan summadan yuqori bo‘ldi. May oyida ABB «Davrbank»ning 51% aksiyasini taxminan $100 mlnga sotib olishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingan edi. Amalda esa bitim qariyb $140 mlnga teng bo‘ldi.

ABB’ning O‘zbekiston bozoriga kirishi avgustda e’lon qilingan edi

«Davrbank»’dagi ulushni xarid qilish jarayoni yakunlangani haqida 23-avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev uchrashuvida namoyish etilgan qo‘shma loyihalar taqdimotida ma’lum qilingan edi.

O‘sha kuni ikki davlat rahbarlari O‘zbekistondagi Ozarbayjon investitsiya loyihalarini ishga tushirish va yangi obyektlarga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etgan. Davr Bank ushbu tadbir doirasida taqdim etilgan loyihalardan biri bo‘lgan.

Ilhom Aliyev jurnalistlar bilan uchrashuvda Ozarbayjonning yetakchi banklaridan biri O‘zbekiston bozoriga kirganini qayd etgan.

Bir kun avval Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlararo forumida ABB «Davrbank»’dagi ulushni sotib olish orqali O‘zbekiston bank bozoriga kirishini ma’lum qilgan edi.

Davr Bank aksiyalari 5,5 yildan keyin birjaga qaytdi

27-avgust kuni «Toshkent» Respublika fond birjasi «Davrbank» oddiy aksiyalari savdosi 5,5 yillik tanaffusdan so‘ng qayta tiklanishini ma’lum qilgan.

UZ7050240009 kodi ostidagi qimmatli qog‘ozlar DRBK tikeri bilan birja ro‘yxatiga kiritildi. Ular bo‘yicha savdolar 28-avgustdan boshlandi.

Bu jarayon Ozarbayjon Xalqaro Bankining «Davrbank»’dagi nazorat paketini sotib olishi arafasida amalga oshirilgan.

Muzokaralar iyun oyida davom ettirilgan

ABB’ning «Davrbank»’ni sotib olish rejasi haqida ilk bor may oyida ma’lum bo‘lgan. O‘shanda Ozarbayjon davlat banki yilning ikkinchi yarmida «Davrbank»’ning 51% aksiyasini xarid qilib, O‘zbekiston bozorida faoliyat boshlashni rejalashtirayotgani bildirilgan.Iyun oyida «Davrbank» aksiyadorlari ABB bilan bank aksiyalarining 51 foizini sotish yuzasidan muzokaralarni davom ettirishni ma’qullagan.

Davr Bank 2001-yil sentabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan xususiy aksiyadorlik tijorat banki hisoblanadi. Bitim amalga oshirilishidan oldingi ma’lumotlarga ko‘ra, bankdagi eng katta ulush — 46,9% kuzatuv kengashi raisi Lutfulla Ubayevga, yana 13,5% aksiya esa Mahfuza Ubayeva nomiga tegishli bo‘lgan. Bank rahbari sifatida Abdumajid Samadov ko‘rsatilgan.

Rasm: skrinshot

Avvalroq «Kursiv» banklarda avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari qanchaga oshgani haqida yozgan edi.

Shuningdek