Chegara ostidan tunnel qaziganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi

eʼlon qilindi
Senat tegishli qonunni ma’qulladi
Chegara ostidan tunnel qaziganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy tunnel va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, ulardan foydalanish, bunday faoliyatni tashkil etish yoki moliyalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik joriy etiladi. Senat tegishli qonunni ma’qulladi.

Senatning 19-yalpi majlisida Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar muhokama qilindi.

10 yilda 12 ta noqonuniy tunnel aniqlangan

Majlisda 2016–2025-yillar davomida davlat chegarasida 12 ta noqonuniy yerosti tunneli aniqlangani ma’lum qilindi.

Ular orqali katta miqdordagi tovar-moddiy boyliklar, valyuta qimmatliklari va boshqa tovarlarni mamlakatga yashirin olib kirishga urinishlar bo‘lgan.

Senatorlar bunday holatlar davlat chegarasi daxlsizligi, iqtisodiy xavfsizlik va milliy manfaatlarga tahdid solishini qayd etdi.

Tunnel qurish va undan foydalanish alohida jinoyat bo‘ladi

Qonunga ko‘ra, davlat chegarasi ostida noqonuniy tunnel yoki boshqa infratuzilma obyektini qurish, undan foydalanish, bu faoliyatni tashkil etish yoki moliyalashtirish uchun Jinoyat kodeksida alohida javobgarlik belgilanadi.

Shuningdek, bunday inshootlardan foydalanib davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish yoki kontrabanda sodir etganlik uchun javobgarlik ham kuchaytiriladi.

Ixtiyoriy xabar bergan shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi

Qonunda ayrim hollarda javobgarlikdan ozod qilish imkoniyati ham nazarda tutilgan.

Agar shaxs bunday qilmishni birinchi marta sodir etgan bo‘lsa, noqonuniy tunnel haqida o‘z ixtiyori bilan davlat organlariga xabar bersa yoki jinoyatni fosh etishga faol yordam bersa, javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.

Buning uchun uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi bo‘lmasligi kerak.

Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda tog‘ va chegara hududlariga borish uchun ruxsat olish osonlashadi

Tergovni DXX olib boradi

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, davlat chegarasi ostida noqonuniy tunnel qurish va undan foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni Davlat xavfsizlik xizmati tergovchilari olib boradi.

Senatorlar qonun davlat chegarasini himoya qilish va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Najimov» chegara posti yo‘lovchilar uchun qachon ochilishi haqida ma’lumot berilgandi. Qozog‘iston tomoni «S.Najimov» («Mayskiy») chegara punktida piyodalar va yo‘lovchilarni o‘tkazish uchun infratuzilma tayyorligini hamda punkt yaqin orada ochilishi mumkinligini bildirdi.

Shuningdek