O‘zbekiston elektrotexnika eksportini 5 mlrd dollarga yetkazmoqchi

O‘zbekistonda 2030-yilgacha elektrotexnika va unga yondosh sanoatda ishlab chiqarish hajmini $11 mlrdga, eksportni esa $5 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda. Buning uchun sohaga $3 mlrd investitsiya jalb qilinib, misni qayta ishlashda qo‘shilgan qiymatni 35 foizgacha oshirish ko‘zda tutilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni elektrotexnika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Elektrotexnika eksporti $5 mlrdga chiqadi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarish va eksport hajmi sezilarli oshdi. 2018-yilda tarmoqdagi ishlab chiqarish 4,7 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 43,1 trln so‘mga yetgan.
Elektrotexnika mahsulotlari eksporti esa $1 mlrddan oshib, O‘zbekiston mahsulotlari bugun 65 ta davlatga yetkazib berilmoqda.
Endilikda tarmoq oldiga yanada katta maqsadlar qo‘yilmoqda. 2030-yilgacha elektrotexnika va unga yondosh sanoatda ishlab chiqarish hajmini $11 mlrdga yetkazish, eksportni $5 mlrdgacha oshirish va $3 mlrd investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, misni chuqur qayta ishlash orqali uning qo‘shilgan qiymatini 35 foizga yetkazish vazifasi belgilangan.
Yil yakunigacha eksport $1,6 mlrd bo‘lishi kerak
Joriy yilning dastlabki yetti oyida tarmoqda 30 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Eksport hajmi esa $706 mlnni tashkil etdi.
Bu davrda umumiy qiymati $148 mln bo‘lgan 16 ta loyiha ishga tushirilib, 1,2 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

Yil yakunigacha ishlab chiqarish hajmini 51 trln so‘mga, eksportni $1,6 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, $420 mlnlik 67 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qo‘yilgan.
Mahalliy mahsulotlar ichki talabning 80 foizini qoplaydi
Tarmoqda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tarkibi ham o‘zgarib bormoqda. Misdan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarish va eksporti oshgani holda, past qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarning ulushi kamaymoqda.
Maishiy texnika bozorida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushi ham yuqori. Ichki talabning 80 foizi mahalliy mahsulotlar hisobidan qoplanmoqda. Ishlab chiqarilayotgan maishiy texnikaning qariyb 30 foizi esa eksport qilinmoqda.
So‘nggi yillarda quyosh panellari, yuqori kuchlanishli kabellar, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, vakuum o‘chirgichlar, yuqori kuchlanishli ajratgichlar va issiqlik nasoslari kabi yuzlab yangi mahsulot turlari o‘zlashtirildi.
Sanoat uchun yiliga $500 mlnlik yangi bozor paydo bo‘ladi
Elektrotexnika sanoatini kengaytirish uchun O‘zbekistonda zarur xomashyo va ichki bozor mavjud.
Hozir mamlakatda yiliga 150 ming tonnadan ortiq mis katodi ishlab chiqarilmoqda. Yangi quvvatlar ishga tushirilishi hisobiga bu ko‘rsatkichni 300 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 15 GVt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Bu elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun yiliga qariyb $500 mlnlik buyurtmalar bozorini shakllantirishi mumkin.
Uy-joy qurilishining ortib borayotgani ham kabel, elektr jihozlari va boshqa elektrotexnika mahsulotlariga talabni oshirmoqda.
Korxonalarga mis xaridida yangi moliyaviy mexanizm beriladi
Tarmoq korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun yangi mexanizmlar taklif qilindi.
Unga ko‘ra, mis xomashyosini xarid qilishda to‘lovning 25 foizini korxonaning o‘zi, qolgan 75 foizini esa «O‘zsanoateksport» AJ amalga oshiradi. Korxona ushbu mablag‘ni 90 kun ichida yillik 6 foizgacha stavkada qaytaradi.

Mazkur mexanizm uchun $50 mln resurs yo‘naltiriladi.
Shuningdek, kredit olishda eksport shartnomalari va sug‘urta polislari kabi ta’minot turlaridan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi. Investitsiya loyihalariga milliy va xorijiy valyutada ajratilgan kreditlarning bir qismini uch yil davomida qoplab berish ham taklif qilinmoqda.
Yirik xalqaro brendlarga soliq imtiyozlari beriladi
Kamida $50 mln sarmoya kiritadigan yirik xalqaro kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish uchun ularga soliq imtiyozlari berish va tayyor infratuzilmaga ega binolarni taklif etish ko‘zda tutilmoqda.
Elektrotexnika sanoati korxonalari uchun soliq va bojxona imtiyozlarini 2030-yilgacha uzaytirish, shuningdek, sohaga xizmat ko‘rsatuvchi mahalliy korxonalarni ham qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilmoqda.
Eksportni kengaytirish uchun xorijiy bozorlarda savdo omborlari tashkil etish, mahsulotlarni sertifikatlash va ularni tashqi bozorlarga olib chiqish jarayonlarini soddalashtirish choralari ham ko‘riladi.
Xususan, Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston va Iroq bozorlariga kompleks texnologik yechimlar eksportini oshirish imkoniyatlari o‘rganildi.
Elektrotexnika uchun yangi innovatsiya markazi tashkil etiladi
Tarmoqda ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalarni kuchaytirish maqsadida To‘rtinchi sanoat inqilobi ilmiy-tadqiqot va innovatsiya markazini tashkil etish taklif qilindi.
Markaz yangi mahsulotlarni raqamli modellashtirish, sinovdan o‘tkazish, mahalliylashtirish va prototiplar tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, korxonalarga injiniring xizmatlarini ko‘rsatishi rejalashtirilmoqda.
Prezident mutasaddilarga elektrotexnika sanoatida qo‘shilgan qiymatni oshirish, yuqori texnologik mahsulotlar va materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda mahalliy korxonalarni global qiymat zanjirlariga olib kirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Avvalroq O‘zbekiston va Hindiston 2030-yilgacha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini $5 mlrdga yetkazishga kelishib olgani haqida xabar berilgan edi.