O‘zbekistonda ilk valyuta obligatsiyalari ro‘yxatga olindi

O‘zbekistonda xorijiy valyutada ifodalangan korporativ obligatsiyalarning ilk chiqarilishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lum qildi.
Obligatsiyalar kapital bozori sohasidagi «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida chiqarilmoqda.
Mazkur imkoniyat 2025-yil 18-dekabrdagi prezident farmoni bilan yaratilgan bo‘lib, unga ko‘ra O‘zbekiston rezident-emmitentlariga xorijiy valyutada ifodalangan korporativ obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berilgan.
Bitta obligatsiya nominali $100
Asia Alliance Bank tomonidan chiqarilayotgan obligatsiyalarning umumiy hajmi $20 mlnni tashkil etadi.
Bitta obligatsiyaning nominal qiymati $100 etib belgilangan. Obligatsiyalar ochiq obuna orqali joylashtiriladi.
Shuningdek, o‘qing 2038-yilgacha soliq imtiyozlari O‘zbekiston kapital bozoriga nima beradi.
Agentlik qayd etishicha, xorijiy valyutada nominal qiymatga ega korporativ obligatsiyalarni joriy etish O‘zbekiston kapital bozoridagi moliyaviy instrumentlar turini kengaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi 700 mlrd so‘mlik obligatsiya joylashtirishi ma’lum qilingandi.
Kompaniya nominal qiymati 1 mln so‘m bo‘lgan 700 ming dona korporativ obligatsiyani joylashtiradi. Ushbu obligatsiyalar qimmatli qog‘ozlar savdosi tashkilotchisi orqali amaldagi savdo qoidalariga muvofiq joylashtiriladi.