Sirdaryoda ekologiya inspektori brakonyerlarga qarshi kurashda halok bo‘ldi

eʼlon qilindi
Voqea 9-sentabr kuni sodir bo‘lgan
Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Sirdaryo daryosida noqonuniy baliq ovlash holatini aniqlash bo‘yicha tungi reyd vaqtida Ekologiya qo‘mitasi inspektori Mirzo Botirov halok bo‘ldi. U huquqbuzarlarning qarshiligiga uchrab, daryoga tushib ketgan. Inspektorning jasadi 10-sentabr kuni topildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi. 

Inspektor tungi reyd vaqtida daryoga tushib ketgan

Voqea 9-sentabr kuni soat 23:00 atrofida Sirdaryo daryosi o‘zanida o‘tkazilgan tezkor reyd tadbiri vaqtida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, Mirzo Botirov elektr qarmoq yordamida noqonuniy baliq ovlayotgan huquqbuzarlarni aniqlash jarayonida ularning qarshiligiga uchragan. Oqibatda inspektor suvga tushib ketgan.

Shundan so‘ng tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda uni qidirish ishlari boshlangan.

Inspektorning jasadi topildi

Qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida Mirzo Botirovning jasadi 10-sentabr kuni topilgan.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya bildirdi. Ayni vaqtda uning oilasiga zarur moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish hamda voqeaning barcha tafsilotlarini o‘rganish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Mirzo Botirov vafotidan so‘ng taqdirlanadi

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Mirzo Botirov umrini atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik qonunchilik talablarini ta’minlashga bag‘ishlagan.

Uning tabiatni muhofaza qilish yo‘lidagi xizmatlari hamda ko‘rsatgan jasorati munosib baholanib, inspektor vafotidan so‘ng «Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.

Avvalroq Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Piskom daryosida 26-avgust kuni cho‘kib ketgan 30 yoshli fuqaroning jasadi topilgandi. 

Shuningdek