Toshkentda avtobus va metro yo‘lkirasi oshirilishi mumkin

Toshkentda avtobus va metro uchun bir martalik elektron yo‘lkira narxini 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshirish taklif qilinmoqda. Yangi tariflarni 1-oktabrdan joriy etish rejalashtirilgan. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Elektron va naqd to‘lov narxlari
Qaror loyihasiga ko‘ra, 1-oktabrdan avtobus va metroda bir martalik elektron to‘lov 2500 so‘m etib belgilanadi. Hozirda bu tarif 1700 so‘mni tashkil etadi.
Naqd pulda to‘lash narxi esa 3000 so‘m miqdorida o‘zgarishsiz qoladi. Bir yo‘lovchining bagajini tashish xizmati uchun ham amaldagi 4000 so‘mlik tarif saqlab qolinadi. Barcha tariflar qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan ko‘rsatilgan.

Transport kartalari uchun yangi tariflar
Loyihada transport kartalaridan foydalanuvchilar uchun qatnovlar soni va amal qilish muddatiga qarab tarif rejalarini joriy etish taklif qilinmoqda.
Faqat avtobusdan foydalanish uchun 1 kunlik tarif 11 500 so‘m, 5 kunlik tarif 42 500 so‘m, 1 haftalik tarif 54 ming so‘m, 10 kunlik tarif 84 500 so‘m va 15 kunlik tarif 127 ming so‘m etib belgilanmoqda.


20 kunlik tarif 169 500 so‘m, 30 kunlik va bir oylik tarif esa 250 ming so‘m bo‘ladi. Uch oylik tarif 682 500 so‘m, olti oylik tarif 1,17 mln so‘m, yillik tarif esa 1,95 mln so‘m etib taklif qilinmoqda.
Avtobus va metrodan birgalikda foydalanish uchun 1 kunlik tarif 13 500 so‘mni tashkil etadi. 5 kunlik tarif 57 500 so‘m, 1 haftalik tarif 73 ming so‘m, 10 kunlik tarif 115 500 so‘m va 15 kunlik tarif 173 ming so‘m bo‘ladi.
20 kunlik tarif 231 ming so‘m, 30 kunlik va bir oylik tarif 345 ming so‘m, uch oylik tarif 945 ming so‘m, olti oylik tarif 1,62 mln so‘m, yillik tarif esa 2,7 mln so‘m etib belgilanmoqda.
30 martalik qatnov uchun ham paket bo‘ladi
Transport kartalari orqali 10, 20 va 30 martalik safarlar uchun alohida paketlar ham joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Ularning narxi 23 foizlik chegirma bilan mos ravishda 19 ming, 38 500 va 57 500 so‘mni tashkil etadi.
Bir soat ichida transport almashtirish mumkin
Qaror loyihasida avtobus va metro o‘rtasida bir soat ichida almashib foydalanish uchun alohida tariflar ham nazarda tutilgan.
Bunda birinchi avtobus uchun 2500 so‘m to‘lanadi. Ikkinchi avtobusdan foydalanish 1500 so‘m, uchinchi va undan keyingi avtobuslarda esa qo‘shimcha to‘lov olinmaydi.
Metrodan foydalanilganda ham belgilangan almashish tartibiga ko‘ra 1500 so‘mlik to‘lov qo‘llanadi.
Bir soatlik tarif bo‘yicha hisob yo‘lovchi birinchi transportga chiqqan vaqtdan boshlanadi. Metrodan ushbu tarif doirasida bir soat ichida faqat bir marta foydalanish mumkin. Metrodan ikkinchi marta foydalanilganda yangi 60 daqiqalik hisob davri boshlanadi.
Qaror loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 19-sentabrgacha davom etadi.
Avvalroq Toshkent shahridagi Muhammad Yusuf ko‘chasida kommunal infratuzilmani ta’mirlash ishlari olib borilishi sababli bir qator avtobus yo‘nalishlari harakatiga vaqtinchalik o‘zgartirish kiritilgani haqida xabar berilgandi.