
Lexus kompaniyasi o‘zining flagman sedani — yangilangan Lexus LS modelini taqdim etdi. Bu haqda Autonews nashri xabar bermoqda.
Avtomobil Yaponiyada sotuvga chiqarildi. Restaylingdan so‘ng modelning kuzovi va osma tizimi qayta ishlanib, boshqaruvchanlik hamda salondagi qulaylikni oshirishga e’tibor qaratildi.
Kuzov mustahkamligi oshirildi
Muhandislar avtomobil kuzovining qattiqligini oshirib, orqa osma tizimini kuchaytirdi. Lexus ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘zgarishlar salonga uzatiladigan yuqori chastotali tebranishlarni kamaytirib, harakat paytidagi qulaylikni yaxshilagan.

Adaptiv osma tizimi va elektr rul kuchaytirgichi ham qayta sozlandi. Ishlab chiqaruvchi yangilanishlardan keyin sedan burilishlarda barqarorroq bo‘lishini va kuzovning yon tomonga og‘ishi kamayishini ta’kidlamoqda.
Barcha komplektatsiyalar uchun panoramali tom ham taklif qilinadi. Undagi maxsus to‘rli deflektor ochiq tom bilan harakatlanganda shamol shovqinini kamaytirishga xizmat qiladi. Executive nomli yuqori komplektatsiyada esa salon bezagi variantlari ko‘paytirildi.
Faqat gibrid versiya taklif etiladi

Yaponiya bozorida yangilangan Lexus LS faqat LS500h gibrid versiyasida sotiladi. Uning kuch qurilmasi 3,5 litrli benzin dvigateli va elektromotordan tashkil topgan.
Tizimning umumiy quvvati 354 ot kuchini tashkil etadi. Xaridorlar orqa g‘ildirakdan tortuvchi yoki to‘liq uzatmali versiyani tanlashi mumkin. Lexus LS markaning eng yirik va qimmat sedanlaridan biri bo‘lib, premium segmentda BMW 7 Series, Mercedes-Benz S-Class va boshqa flagman modellar bilan raqobatlashadi.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet yana bir avtomobiliga chegirma e’lon qilgani haqida yozgan edi.