O‘zbekistonda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalsa, profilaktik emlash joriy etiladi

O‘zbekistonda karantinli va inson uchun xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi yuzaga kelganda aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Emlash Bosh davlat sanitariya vrachi qarori bilan joriy etiladi
Yangi tartibga ko‘ra, profilaktik emlash Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida joriy qilinadi.
Bunga yuqumli kasallikning muayyan hududda aniqlanishi, kasallikning keng tarqalishi yoki ayrim aholi guruhlari orasida yuqish xavfi ortishi asos bo‘lishi mumkin.
Kimlar birinchi navbatda emlanadi
Profilaktik emlash avvalo kasallikni yuqtirish yoki uni boshqalarga yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslardan boshlanadi.
Shuningdek, kasallik o‘chog‘ida bemor bilan muloqotda bo‘lganlar hamda epidemiologik ko‘rsatmalar bo‘yicha emlanishi lozim bo‘lgan shaxslar ustuvor tartibda vaksinatsiyadan o‘tkaziladi.
Emlash faqat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va tibbiyotda qo‘llashga ruxsat berilgan vaksinalar bilan amalga oshiriladi.
Emlashdan oldin tibbiy ko‘rik o‘tkaziladi
Profilaktik emlashdan avval shaxs tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Jarayonda vaksina tarkibiga sezuvchanlik, ilgari kuzatilgan og‘ir allergik reaksiyalar hamda boshqa qarshi ko‘rsatmalar mavjud yoki mavjud emasligi aniqlanadi.
Shuningdek, fuqaroga vaksina, uning ehtimoliy ta’siri, emlashdan keyingi kuzatuv tartibi va emlashni rad etishning huquqiy oqibatlari haqida ma’lumot beriladi.
Emlanganlar uch kun kuzatuvda bo‘ladi
Profilaktik emlashdan o‘tgan har bir fuqaro haqidagi ma’lumot emlash amalga oshirilishi bilan Yagona tibbiyot axborot tizimiga kiritiladi.
Emlangan shaxs dastlabki 30 daqiqa davomida tibbiyot xodimi kuzatuvida bo‘ladi. Keyingi uch kun davomida esa uning holati shifokor va patronaj hamshirasi tomonidan nazorat qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekistonda meningokokk infeksiyasi holatlari ortgani haqida yozgan edi.