Farg‘ona va Namanganda fuqarolarni noqonuniy “Umra”ga yuborish holatlari aniqlandi

eʼlon qilindi
Tergov harakatlari olib borilmoqda
Farg‘ona va Namanganda fuqarolarni noqonuniy «Umra»ga yuborish holatlari aniqlandi
Foto: DXX

Farg‘ona va Namangan viloyatlarida fuqarolarni tegishli litsenziyasiz «Umra» ziyoratiga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda ikki sayyohlik firmasi vakillari pul olayotgan vaqtida ushlandi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ayrim sayyohlik firmalari «Umra» ziyoratini tashkil etish uchun zarur litsenziyaga ega bo‘lmagan holda fuqarolarni Saudiya Arabistoniga olib borishga urinmoqda. Bunday holatlar ayrim ziyoratchilarning xorijda qiyin vaziyatda qolishiga sabab bo‘layotgani qayd etilgan.

Qo‘qonda ikki fuqarodan $2,2 ming so‘ralgan

Shuningdek, o‘qing: Umra uchun noqonuniy pul olganlar ushlandi

Farg‘ona viloyatidagi holatda Qo‘qon shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi rahbari ikki nafar fuqaroni «Umra» safariga jo‘natishni va’da qilgan.

Buning evaziga u jami $2,2 ming talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida firma rahbari so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Namanganda $400 olayotgan shaxs ushlandi

Namangan viloyatining Chortoq tumanida ham shunga o‘xshash holat aniqlangan.

Hududda faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi xodimi ikki nafar fuqaroni «Umra» safariga yuborish uchun $2,2 ming talab qilgan. U oldindan $400 olayotgan vaqtida DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan.

Jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni «Umra» safariga yuborishni va’da qilayotgan tashkilotlarning tegishli ruxsat va litsenziyalarga ega ekanini oldindan tekshirish zarurligiga e’tibor qaratmoqda.

Avvalroq «Kursiv» «Energosavdo» muhandisi pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek