Shveysariyada sayyohlik avtobusi halokatga uchradi: qurbonlar bor

Shveysariyaning sharqidagi Graubyunden kantonida sayyohlik avtobusi YTHga uchradi. Hodisa oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan, yana bir qator yo‘lovchilar jarohat olgan. Bu haqda mahalliy politsiyaga tayanib DW xabar berdi.
Avariya Alp tog‘lari hududidagi Sush qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Voqea joyiga qutqaruvchilar, tez tibbiy yordam xodimlari va boshqa favqulodda xizmatlar yuborilgan.
Avtobusda 48 kishi bo‘lgani aytilmoqda
Niderlandiya OAVlari avtobusda niderlandiyalik sayyohlar bo‘lganini xabar qilmoqda. Niderlandiyaning ANVR sayyohlik assotsiatsiyasi vakili De Telegraaf nashriga avtobus yo‘lovchilari OAD turoperatorining mijozlari bo‘lganini bildirgan.
De Telegraaf ma’lumotiga ko‘ra, avtobusda 48 kishi bo‘lgan. Biroq bu raqam Shveysariya politsiyasi tomonidan hozircha rasman tasdiqlanmagan. Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning aniq soni ham hozircha e’lon qilinmagan.
Avtobus to‘siqqa urilgan
Shveysariyaning SRF telekanaliga ko‘ra, hodisa Sush va Zernez qishloqlari orasidagi yo‘lda mahalliy vaqt bilan taxminan soat 16:45 da yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus yo‘l chetidagi himoya to‘sig‘iga urilgan. Qutqaruv operatsiyasiga bir nechta vertolyot jalb etilgani xabar qilindi.
Prezident hamdardlik bildirdi
Shveysariya prezidenti Gi Parmelen hodisa munosabati bilan halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. U avariya sabablarini aniqlash uchun tegishli idoralar tomonidan har tomonlama tergov o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Hodisaning sabablari va qurbonlarning aniq soni bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar hali kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Toshkentda avtobus va metro yo‘lkirasi oshirilishi mumkinligi haqida yozgan edi.