O‘zbekistonda ovchilik guvohnomasini olish jarayoni raqamlashtiriladi

O‘zbekistonda ovchilikka oid ayrim tartiblar o‘zgartirilib, ovchilik guvohnomasini berish jarayoni raqamlashtiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Yangi normalarga ko‘ra, ov qilish ovchilik xo‘jaliklariga biriktirilgan hududlarda, shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan belgilanadigan erkin ov qilish joylarida amalga oshiriladi.
Ayrim hollarda ruxsatnoma talab qilinmaydi
Ovchilik xo‘jaliklari pitomniklarda yovvoyi hayvonlarni to‘liq bosqichda ko‘paytirib, keyinchalik ularni o‘zlariga biriktirilgan ov hududlariga qo‘yib yuborgan taqdirda, shu hayvonlar soniga teng miqdordagi yovvoyi hayvonlarni yil davomida ov qilishni tashkil etishi mumkin.
Bunda ov faqat hayvonlarning urchish davridan tashqari paytda amalga oshiriladi va yovvoyi hayvonlarni tutishga doir alohida ruxsatnoma talab qilinmaydi.
Yovvoyi hayvonlarning urchish davri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining xulosasi asosida belgilanadi.
Guvohnoma my.gov.uz orqali beriladi
Qonundagi yana bir muhim o‘zgarish ovchilik guvohnomasini berish jarayonining raqamlashtirilishi bilan bog‘liq.
Endilikda muomalaga layoqatli, 18 yoshga to‘lgan, maxsus o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxslar ovchilik guvohnomasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali olishlari mumkin bo‘ladi.
Guvohnoma Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan ikki yil muddatga beriladi.
Guvohnoma muddati uzaytirilishi mumkin
Ovchilik guvohnomasining amal qilish muddati talabgorning arizasiga ko‘ra uzaytirilishi mumkin. Yangi tartiblarni belgilovchi qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Avvalroq «Kursiv» agrosektor daromadlari qariyb 63,4 trln so‘mga yetgani haqida yozgan edi.