Samarqandda tirik odamni o‘ldiga chiqarishdi 

eʼlon qilindi
Muammo 2022-yilda tug‘uruqxonaga murojaat qilganidan keyin yuzaga kelgan
Foto: ekran tasviri

Bulung‘ur tumanida yashovchi Bibimaryam Xolbo‘tayeva ayrim davlat elektron tizimlarida o‘zini vafot etgan shaxs sifatida ko‘rsatilayotganidan shikoyat qildi. Ayolning aytishicha, muammo 2022-yilda tug‘uruqxonaga murojaat qilganidan keyin yuzaga kelgan. Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi esa holatni elektron bazaga ma’lumot kiritishdagi texnik xato bilan izohladi.

Muammo 2022-yildagi tug‘uruqdan keyin boshlangan

Bibimaryam Xolbo‘tayeva 2022-yil avgust oyida birinchi farzandini dunyoga keltirish uchun tug‘uruqxonaga murojaat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tug‘uruqdan bir necha kun o‘tib, davlat bazalarida u vafot etgan shaxs sifatida qayd etilgan.

Ayol bu holatni 2023-yilda ikkinchi farzandini dunyoga keltirish uchun tug‘uruqxonaga murojaat qilganida bilganini aytmoqda.

«Tizimdan meni topa olishmagan. «Fuqaro, siz baza bo‘yicha o‘lik deb chiqyapsiz», deyishdi. Tug‘uruqxona xodimlari xatolik o‘zlaridan o‘tganini tan olishdi», – deydi Xolbo‘tayeva.

Uning yaqinlari shundan so‘ng turli idoralarga murojaat etib, ma’lumotlarni tuzatishga harakat qilgan. Natijada ayrim hujjatlardagi muammolar bartaraf etilgan va ayol ikkinchi farzandining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini olgan.

Face ID orqali ham «fuqaro tirik emas» degan javob chiqmoqda

Xolbo‘tayeva hujjatlari tartibga keltirilganiga qaramay, elektron tizimlardagi muammo to‘liq hal bo‘lmaganini ta’kidlamoqda.

Uning aytishicha, kredit olish uchun murojaat qilganida Face ID orqali tekshiruvdan o‘tishda ham «fuqaro tirik emas» degan xabar chiqqan. Ayol MyGov ilovasida ham o‘zini vafot etgan shaxs sifatida ko‘rganini bildirgan.

Xolbo‘tayeva muammoni hal qilish maqsadida turli davlat idoralarining ishonch telefonlariga ham murojaat etgan. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, bu urinishlar ham muammoni to‘liq bartaraf qilishga yordam bermagan.

«Men tirik insonman. Oilam, farzandlarim bor. Ammo davlatning elektron tizimida o‘likman. Qaysi idoraga murojaat qilishni ham bilmay qoldim», – deydi u.

Sog‘liqni saqlash boshqarmasi nima deydi

Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazgan.

Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, Bulung‘ur tumanida yashovchi fuqaro 2022-yil 18-avgust kuni og‘ir ahvolda, bachadondan qon ketishi shikoyati bilan tug‘uruq bo‘limiga murojaat qilgan. Tibbiy tekshiruvda homilaning ona qornida nobud bo‘lgani aniqlangan.

Ayolga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan va homila tug‘dirib olingan. Uning o‘limi antenatal o‘lim sifatida belgilangan.

Ayolning JSHSHIR raqami vafot etgan homila ma’lumotlariga biriktirilgan

Rasmiy izohga ko‘ra, muammo tibbiy ma’lumotlarni elektron bazaga kiritish vaqtida yuzaga kelgan. Davolovchi shifokor Ra’no G‘ofurova tomonidan yo‘l qo‘yilgan texnik xato sabab ayolning pasportidagi JSHSHIR raqami vafot etgan farzandining ma’lumotlariga biriktirib qo‘yilgan.

Natijada 2023-yilda Xolbo‘tayeva ikkinchi farzandining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini rasmiylashtirish jarayonida muammoga duch kelgan.

Tuman tibbiyot mas’ullari va FHDYO organlari xodimlari tomonidan elektron bazadagi xatolik keyinchalik bartaraf etilgan. Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil oxirida ayolga yangi ID-karta rasmiylashtirilgan va bu jarayonda hech qanday muammo yuzaga kelmagan.

Shuningdek, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda elektron ma’lumotlar bazasidagi Face ID tizimi bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgani ma’lum qilindi.

Avvalroq Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Piskom daryosida 26-avgust kuni cho‘kib ketgan 30 yoshli fuqaroning jasadi topilgandi.

Shuningdek