Yamanda to‘ntarish: Husiylar mamlakat port shahrini egalladi

Yamanning g‘arbiy sohilidagi strategik Moha port shahri Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar nazoratiga o‘tdi. Guruh, shu bilan birga, Qizil dengizdagi Hanish orollari tomon ham siljigan. Bu husiylarning Yaman sohilini egallash va muhim Bab al-Mandab bo‘g‘ozi ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan yangi hujumining bir qismi sifatida baholanmoqda. Bu haqda Reuters va boshqa xalqaro nashrlar xabar berdi.
Husiylarning yurishi Yaman hukumat kuchlari bilan janglar keskin kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakatda 2022-yildan beri nisbatan tinchlik saqlanib kelgan bo‘lsa-da, so‘nggi haftalarda jangovar harakatlar yana avj oldi. Endi mojaro nafaqat Yaman ichidagi kuchlar nisbatiga, balki Qizil dengiz orqali o‘tadigan xalqaro savdo va neft tashuvlariga ham xavf tug‘dirmoqda.
Husiylar Moha shahrini qanday egalladi
Moha Yaman g‘arbiy sohilida, Bab al-Mandab bo‘g‘ozidan taxminan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shaharni egallashdan oldin husiylar Taiz va Hudayda yo‘nalishlarida ham hujumlarini kuchaytirgan.

Husiylarning oldinga siljishi ortidan xalqaro tan olingan Yaman hukumati tomonida jang qilayotgan kuchlar janubga chekinishga majbur bo‘lgan. Hukumat kuchlari qo‘mondoni Tariq Solih qo‘shinlarni qayta guruhlash uchun yangi pozitsiyalarga olib chiqishni buyurgan.
Husiylar endilikda Moha janubidagi Dhubab hududi tomon ham harakatlanmoqda. Mazkur hudud va unga yaqin Perim oroli Bab al-Mandab ustidan nazorat o‘rnatish uchun muhim nuqtalar hisoblanadi.
Bab al-Mandab nega bunchalik muhim
Bab al-Mandab – Qizil dengizni Adan qo‘ltig‘i va Hind okeani bilan bog‘laydigan tor dengiz yo‘li. U Osiyo va Yevropani Suvaysh kanali orqali bog‘laydigan eng muhim savdo yo‘nalishlaridan biridir.

Jahon neft ishlab chiqarishining qariyb 7 foizi ushbu hudud orqali tashiladi. Shu sababli bo‘g‘oz ustidan nazorat o‘rnatilishi neft, gaz va boshqa yuklarning xalqaro oqimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bu masala, ayniqsa, hozir muhim. Hormuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar sabab Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar Qizil dengiz yo‘nalishidan muqobil marshrut sifatida ko‘proq foydalanmoqda. Agar Bab al-Mandab ham xavf ostida qolsa, jahon energetika bozoriga bosim yanada kuchayishi mumkin.
Husiylar Saudiya Arabistoniga ham zarba bermoqda
Moha uchun janglar fonida husiylar Saudiya Arabistonining janubiy hududlariga raketa va dron hujumlarini ham kuchaytirgan. Saudiya rasmiylariga ko‘ra, so‘nggi hujumlarda 73 kishi, jumladan, ayollar va bolalar jarohatlangan. Riyod bunga javoban Yaman hududidagi husiylar pozitsiyalariga havo zarbalari bergan.

Husiylar esa Qizil dengizdagi xalqaro kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlashlarini, biroq Saudiya kemalariga nisbatan blokada saqlanishini bildirgan. Bu Saudiya Arabistonining Yaman hukumatini qo‘llab-quvvatlayotgani bilan bog‘liq.
Pokiston esa Saudiya nomidan Eronga husiylarni tiyib turish haqida ogohlantirish yuborgan. Tehron rasman husiylar ustidan nazoratga ega ekanini rad etmoqda. Biroq Reuters suhbatlashgan ayrim manbalar Eron husiylarga Saudiya Arabistoniga qarshi hujumlarni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma bergani va qo‘shimcha qurol-moliya va’da qilganini bildirgan.
Yaman yana katta urush yoqasida
Yamanda fuqarolar urushi 2014-yilda husiylarning poytaxt Sana ustidan nazorat o‘rnatishi ortidan keskinlashgan. Saudiya Arabistoni 2015-yilda husiylarning kuchayib borayotgan ta’sirini to‘xtatish maqsadida harbiy koalitsiyaga boshchilik qilib, mojaroga aralashgan.

2022-yildagi sulh yirik janglarni sezilarli darajada kamaytirgan edi. Biroq tomonlar o‘rtasida doimiy siyosiy kelishuvga erishilmadi. So‘nggi janglar esa Yaman yana keng ko‘lamli fuqarolar urushiga qaytishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Husiylar kim
Husiylar – o‘zlarini «Ansorulloh» deb ataydigan, Yamandagi zaydiy shialar orasidan shakllangan siyosiy-harbiy harakatdir. Guruh 1990-yillarda paydo bo‘lgan va 2014-yilda Yaman poytaxti Sana ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan.
Husiylar Eron bilan yaqin ittifoqda bo‘lib, Yaman hukumatiga, Saudiya Arabistoniga va AQShning mintaqadagi siyosatiga qarshi kurashib keladi. Guruh raketa va dronlar, shuningdek, dengizdagi hujum imkoniyatlarini rivojlantirgan.
2023-yildan boshlab husiylar Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilib, buni G‘azodagi urush fonida falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash bilan izohlagan. Ushbu hujumlar xalqaro kemachilik kompaniyalarini ayrim kemalarni Afrika janubidan aylanib o‘tuvchi uzoqroq yo‘nalishlarga yo‘naltirishga majbur qilgan.
Shu sababli Moha ustidan nazoratning qo‘lga olinishi oddiy hududiy g‘alaba emas. Husiylar Bab al-Mandabga tobora yaqinlashmoqda va bu bo‘g‘oz ustidan nazorat xalqaro savdo hamda energetika oqimlariga bevosita ta’sir qilishi mumkin.
Avvalroq jahon bozorida Brent markali neft narxi chorshanba kuni bir barrel uchun 100 dollardan oshgani haqida xabar berilgandi.