70 yoshdan oʻtgan Erdo‘g‘an basketbol o‘ynadi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ishdagi hamkasblari bilan basketbol o‘ynagan paytdagi lavhalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Bahs davomida prezidentning o‘zi ham ochko jamg‘argan va jamoadoshlariga maydonda ko‘rsatmalar bergan. Bu haqda Takvim xabar berdi.
«Haydi O‘mer, ochko ol»
Erdo‘g‘on uzoq vaqtdan beri ishdagi hamkasblaridan tuzilgan jamoa bilan basketbol uchrashuvlarida ishtirok etib keladi. Navbatdagi bahsda ham tajribali basketbolchilar bilan birga davlat amaldorlari va sobiq vazirlar maydonga tushgan.
Uchrashuvda Turkiya Mehnat va ijtimoiy xavfsizlik vaziri Vedat Ishiqhon, Milliy razvedka tashkiloti rahbari Ibrohim Qalin, sobiq vazirlar Mevlut Chovusho‘g‘li va Mustafo Varank, shuningdek, Turkiya Basketbol federatsiyasi bosh koordinatori o‘rinbosari O‘mer Onan qatnashgani ko‘rsatilgan.
Videolarda Erdo‘g‘onning yashil nimcha kiygan jamoaga sardorlik qilgani, hujum va himoya vaqtida jamoadoshlariga ko‘rsatmalar bergani aks etgan.
Bahsning eng e’tiborli epizodlaridan birida Erdo‘g‘on sobiq turk milliy terma jamoasi basketbolchisi O‘mer Onanga murojaat qilib, «Haydi O‘mer, ochko ol» deya uni ruhlantirgan.
Uchrashuv davomida prezidentning o‘zi ham bir necha marta to‘pni savatga tushirgani ko‘rinadi. Maydondagi keskin kurash va jamoa a’zolari o‘rtasidagi hazil-mutoyiba ham videolarga tushgan.
Mazkur basketbol uchrashuvlarida professional sportdan siyosatga o‘tgan yoki davlat tizimida faoliyat yuritayotgan shaxslar bilan bir qatorda veteran basketbolchilar ham qatnashib kelayotgani qayd etilgan.
Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Istanbuldagi Bilgi universitetini yopish haqidagi farmonni bekor qilgandi.