Oʻzbekistonda «inomarka» va foydalanilgan avtomobillar savdosi kamaydi

Oʻzbekistonda 2026-yil iyul oyida xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar hamda ikkilamchi bozordagi yengil mashinalar savdosi kamaydi. Yangi mahalliy avtomobillar va elektromobillar segmentida esa oʻsish qayd etildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga koʻra, iyulda barcha turdagi avtotransport vositalarining umumiy savdosi qariyb 80 ming donani tashkil etdi. Bu iyun oyidagiga nisbatan 0,7 foizga kam.
Yangi avtomobillar savdosi oshdi

Iyul oyida yengil avtomobillar savdosi 61,1 ming donani tashkil etdi. Iyun oyida bu koʻrsatkich 61,4 ming dona boʻlgan.
Yangi yengil avtomobillar savdosi esa bir oyda 5,9 foizga oshib, 25,4 ming donaga yetdi. Oʻsishning asosiy qismini mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar ta’minladi – ularning savdosi 8,3 foizga koʻpayib, 20,4 ming donani tashkil etdi.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi esa qariyb 3 foizga kamayib, 5 ming donaga tushdi.
Shuningdek, o‘qing: Chevrolet’ning uchta avtomobilida muammo aniqlandi
Ishlatilgan avtomobillarga talab pasaydi
Ikkilamchi bozorda ham pasayish kuzatildi. Iyul oyida ishlatilgan yengil avtomobillar savdosi 4,4 foizga kamayib, 35,7 ming donani tashkil qildi.
Shu tariqa iyul oyida xaridorlar orasida yangi mahalliy avtomobillarga talab oshgan, xorijiy va foydalanilgan mashinalar segmentida esa faollik pasaygan.
Elektromobillar savdosi 10,8 foizga koʻpaydi

Elektromobillar bozorida esa aksincha, oʻsish davom etdi. Iyul oyida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda jami 9,3 mingta elektromobil sotildi. Bu iyun oyidagiga nisbatan 10,8 foizga koʻp.
Hududlar orasida Toshkent viloyatida 699 ta, Fargʻona viloyatida 428 ta elektromobil sotilgan. Toshkent shahrida esa iyul oyining oʻzida 6 mingta elektromobil realizatsiya qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet yana bir avtomobiliga chegirma e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.