Sindarov Karlsenga imkoniyatni boy berdi, Oʻzbekistonda «inomarka» savdosi kamaydi — 12-sentabr kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar

Sindarov Karlsenga imkoniyatni boy berdi, Oʻzbekistonda «inomarka» savdosi kamaydi. 12-sentabr kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar dayjesti.
Sindarov Karlsenga imkoniyatni boy berdi, jamoasi ham yutqazdi
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Hindistonning Bangalor shahrida o‘tayotgan Tech Mahindra Global Chess League – 2026 turnirining to‘qqizinchi turida sobiq jahon chempioni Magnus Karlsenga imkoniyatni boy berdi.
Ushbu natija FYERS American Gambits va PBG Alpine Pipers o‘rtasidagi jamoaviy bahs yakuniga ham ta’sir qildi. Uchrashuv 9:7 hisobida PBG Alpine Pipers foydasiga yakunlandi. G‘alabadan so‘ng Karlsen jamoasi turnir jadvalida yakka peshqadamga aylandi.
AQShda dizel narxi tarixda ilk bor 6 dollardan oshdi
AQShda dizel yonilgʻisining oʻrtacha narxi tarixda birinchi marta bir gallon uchun $6 dan oshdi. Amerika avtomobil assotsiatsiyasi (AAA) ma’lumotiga koʻra, 11-sentabr holatida mamlakat boʻyicha dizelning oʻrtacha narxi $6,0556 ni tashkil etdi. Bir yil avval bu koʻrsatkich $3,71 atrofida boʻlgan.
Narxlarning keskin oshishiga Yaqin Sharqdagi keskinlik, neftning qimmatlashuvi va jahon bozorida dizel taklifining qisqarishi ta’sir qilmoqda. Oninvest ma’lumotiga koʻra, AQShda yuk mashinalari haydovchilari va fermerlar yonilgʻi uchun bir yil avvalgidan qariyb 63% koʻproq xarajat qilmoqda.
Oʻzbekistonda «inomarka» va foydalanilgan avtomobillar savdosi kamaydi
Oʻzbekistonda 2026-yil iyul oyida xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar hamda ikkilamchi bozordagi yengil mashinalar savdosi kamaydi. Yangi mahalliy avtomobillar va elektromobillar segmentida esa oʻsish qayd etildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga koʻra, iyulda barcha turdagi avtotransport vositalarining umumiy savdosi qariyb 80 ming donani tashkil qildi. Bu iyun oyidagiga nisbatan 0,7 foizga kam.
Sindarov va Abdusattorov Osiyoning eng kuchli ikki shaxmatchisiga aylandi
Oʻzbekistonlik grossmeysterlar Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov Osiyo shaxmat federatsiyasining sentabr oyi uchun yangilangan erkaklar reytingida mos ravishda birinchi va ikkinchi oʻrinni egalladi. Oʻzbekiston tarixida ilk bor ikki vakil bir vaqtning oʻzida qit’a reytingining eng yuqori ikki pogʻonasidan joy oldi.
Qirgʻizistonda teatr va muzeyga borish yoshlar uchun majburiy boʻlishi mumkin
Qirgʻizistonda maktab oʻquvchilari va talabalar uchun teatr, konsert va muzeylarga muntazam tashrif buyurishni majburiy qilish taklif etilmoqda. Tegishli tashabbus prezident farmoni loyihasiga kiritilib, jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan.
Qirgʻiziston Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vazirligi bunday tashabbusni soʻnggi ikki-uch yildan beri ilgari surib kelmoqda. Vazirlik buni yoshlarning internet va kompyuter oʻyinlariga koʻproq vaqt ajratayotgani, ularni sanʼat va madaniyatga faolroq jalb qilish zarurati bilan izohlagan.
Zo‘ravonlik qilgan pedagoglar ta’limdan bir yilga chetlashtiriladi
Oʻzbekistonda ta’lim tashkilotlarida voyaga yetmagan bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan pedagog va tarbiyachilar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Bu haqda 11-sentabr kuni qabul qilingan qonunda nazarda tutilgan.