Qashqadaryoda ekopolitsiya xodimlari hujumga uchradi

Qashqadaryoning G‘uzor tumanida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish holatini aniqlash bo‘yicha reyd o‘tkazgan ekopolitsiya xodimlariga huquqbuzarlar qarshilik ko‘rsatdi. Hodisa oqibatida inspektorlardan biri tan jarohati oldi, bo‘lim boshlig‘i esa keyinroq hushsiz holatda shifoxonaga olib kelindi.
Huquqbuzarlar texnikani olib qochgan
Hodisa 6-sentabrdan 7-sentabrga o‘tar kechasi G‘uzor tumanidagi «Qovchin» MFYning Arab qishlog‘i hududida sodir bo‘lgan.
Ekopolitsiya inspektorlari Qashqadaryo daryosining muhofaza etiladigan hududida noqonuniy qum-shag‘al qazib olinayotganini aniqlagan. Qonunbuzarlikni to‘xtatib, tegishli texnikani jarima maydoniga olib ketish vaqtida bir guruh shaxslar xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgan.
Davlat raqamisiz qora rangli KIA K5, shuningdek, 70 K 413 AA davlat raqamli Lacetti va Cobalt avtomobillarida kelgan shaxslar yo‘lni to‘sib, inspektorlardan biriga tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng jarima maydoniga olib ketilayotgan texnikani olib qochgan.
Bo‘lim boshlig‘i hushsiz holda topilgan
11-sentabr kuni G‘uzor tumani ekologiya bo‘limi boshlig‘i Bahrom Toshpo‘latov hushsiz holatda viloyat shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u «Qovchin» MFY hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish holatlarini aniqlash bo‘yicha reyd vaqtida huquqbuzarlar hujumiga uchragan.
Toshpo‘latovni shu hududda fuqarolardan biri hushsiz holatda topib, shifoxonaga olib kelgan. Hozirda unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Holat yuzasidan tekshiruv boshlandi
Mazkur ikki holat yuzasidan G‘uzor tumani prokuraturasi va IIBning tezkor-tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Avvalroq Sirdaryo daryosida noqonuniy baliq ovlash holatini aniqlash bo‘yicha tungi reyd vaqtida Ekologiya qo‘mitasi inspektori Mirzo Botirov halok bo‘lgandi.