Samarqandda ilk O‘rta asrlarga oid haykalning boshi topildi

Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligida ilk O‘rta asrlarga oid gips haykalning bosh qismi topildi. Topilma qadimgi So‘g‘d san’ati va Qo‘rg‘ontepa ibodatxonasi tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lishi mumkin. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Haykal ibodatxona qoldiqlari orasidan topildi
Arxeologik qazishmalar Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan olib borilmoqda. Tadqiqotlarda Alisher Sandiboyev, Amriddin Berdimurodov, Navro‘z Alimov va San’at Xo‘jamov ishtirok etyapti.
Mutaxassislar haykalning bosh qismini ilk O‘rta asrlarga oid ibodatxona qoldiqlari orasidan aniqlagan. Uning yuz tuzilishi, soch turmagi va boshqa ikonografik xususiyatlari o‘sha davrdagi So‘g‘d san’atining o‘ziga xos jihatlarini o‘rganish imkonini beradi.
Qazishmalar davomida aniqlangan xonalar va boshqa arxeologik topilmalar ibodatxonaning ichki tuzilishi, vazifasi hamda bu yerda o‘tkazilgan diniy marosimlar haqida yangi ma’lumotlar berishi kutilmoqda.
Qurg‘ontepada avval ham noyob topilmalar aniqlangan
2024-yilda Qo‘rg‘ontepadagi ushbu ibodatxona qoldiqlari orasidan to‘rt qo‘lli ma’bud tasviri aks etgan devoriy rangtasvir, shuningdek, sopol haykalga oid qo‘l va oyoq qismlari topilgan edi.
Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimovning ta’kidlashicha, 2027-yildan boshlab arxeologik tadqiqotlar, avvalo, yosh arxeologlarning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun har yili 25 mlrd so‘m miqdorida grantlar ajratiladi.
Ushbu mablag‘lar zamonaviy ilmiy usullardan foydalanib, yangi arxeologik tadqiqotlar olib borish imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltiriladi.
Avvalroq Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida aniqlangan Ozod yodgorligida 3,5 ming yil avvalgi qabrlardan iborat qadimiy qabriston o‘rganilayotgani haqida xabar berilgandi.