Eron prezidenti Hormuzni ochish shartini ma’lum qildi

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Hormuz bo‘g‘ozi AQSh tomonidan amalga oshirilayotgan blokada va hujumlar to‘xtatilgan taqdirda ochilishini bildirdi. Bu haqda u Hindistonning India Today telekanaliga bergan intervyusida aytdi.
Pezeshkiyon: AQSh urush orqali maqsadiga erisha olmadi
Pezeshkiyonning ta’kidlashicha, AQSh urush orqali o‘z maqsadlariga erisha olmagach Eronga nisbatan iqtisodiy bosimni kuchaytirishga o‘tgan.
Eron prezidenti mamlakat bunday bosimga qaramay, o‘z siyosatidan voz kechmasligini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dengiz blokadasi ham AQShga Eronni o‘z talablariga ko‘ndirish imkonini bermaydi.
«Dengiz yo‘li hayotimiz bog‘liq bo‘lgan yagona yo‘l emas. Shu yo‘l orqali ham ular o‘z maqsadlariga erisha olmaydi», – dedi Pezeshkiyon.
Hormuz bo‘g‘ozi qachon ochiladi
Eron prezidenti Hormuz bo‘g‘ozining ochilishi AQShning blokada va hujumlarni to‘xtatishiga bog‘liqligini ta’kidladi.
Pezeshkiyon, shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozi orqali qo‘shma yo‘nalish tashkil etish bo‘yicha Eron va O‘mon o‘rtasidagi muzokaralar haqida ham ma’lumot berdi.
Uning aytishicha, dushanba kuni O‘mon poytaxti Maskatda arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi o‘tkaziladi. Unda O‘mon va Eron o‘rtasida Hormuz bo‘g‘ozi orqali qo‘shma yo‘nalish yaratish bo‘yicha kelishuvni imzolash hamda bu haqda Xalqaro dengiz tashkilotini xabardor qilish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda AQSh hujumlari amalga oshirilgan hududlar joylashgan davlatlar vakillari ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan davom etayotgan urush 3-noyabrda bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlardan oldin yakunlanmasligi mumkinligini aytgandi.