Xitoyda AI chiplar narxi 50 foizgacha oshdi

Xitoyning Huawei va boshqa AI-chip ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari narxini keskin oshirmoqda. Bunga sun’iy intellekt hisoblash tizimlarida ishlatiladigan HBM xotiralari tanqisligi sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Investing.com xabar berdi.
Huawei AI chip narxini $37 mingdan oshirdi
Huawei o‘zining yangi Ascend 950DT AI tezlatkich kartasi narxini avvalgi takliflarga nisbatan 20 – 50 foizga oshirdi. Natijada uning narxi 250 ming yuan, ya’ni taxminan $37,3 mingdan oshgan.
Xitoyning yana bir chip ishlab chiqaruvchisi Cambricon ham yangi avlod 690 chipining narxini 20 – 30 foizga ko‘targan.
AI bozori xotira tanqisligiga duch keldi
Narxlarning oshishiga yuqori o‘tkazuvchanlikka ega HBM xotiralarining global tanqisligi sabab bo‘lmoqda. Ushbu xotira turi zamonaviy AI chiplarining muhim qismlaridan biri hisoblanadi.
AQShning Xitoyga ilg‘or HBM texnologiyalarini eksport qilishiga qo‘ygan cheklovlari ham vaziyatni murakkablashtirmoqda.
Oqibatda Xitoy kompaniyalari zarur xotira komponentlarini qimmatroq va ayrim hollarda norasmiy kanallar orqali xarid qilishga majbur bo‘lmoqda.
Xitoy Nvidia’ga muqobil yaratishga urinmoqda
Huawei, Cambricon, MetaX va Iluvatar CoreX kabi kompaniyalar Xitoyning Nvidia’ga mahalliy muqobil yaratish harakatlarida asosiy ishtirokchilardan hisoblanadi.
Biroq HBM tanqisligi mahalliy AI chiplarini ishlab chiqarish xarajatlarini oshirib, Xitoy kompaniyalariga qo‘shimcha bosim bermoqda.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, bu muammo Xitoyning taxminan $50 mlrdlik AI-chip bozorida Nvidia’ga muqobil yaratish rejalariga jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Nvidia sun’iy intellekt modellari va dasturchilar uchun mashhur Hugging Face platformasini $12,93 mlrdga sotib olishga kelishgandi.