Mirziyoyev Seulda Koreyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaga davlat tashrifi doirasida Seul shahrida tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi. Davlat rahbarini o‘zbekistonliklar samimiy kutib oldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident ularning rejalari bilan qiziqdi
Mirziyoyev o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashib, ularning Koreyadagi faoliyati, o‘qishi va kelajakdagi rejalari bilan qiziqdi.

Muloqot davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, vatandoshlarning orzu-intilishlari hamda davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlarning ahamiyati haqida fikr almashildi.

Prezident o‘zbekistonliklarga ish va o‘qishlarida muvaffaqiyat tiladi. U Koreyada egallanayotgan zamonaviy bilim, ko‘nikma va tajriba kelgusida O‘zbekiston taraqqiyoti va xalq farovonligiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida davlat tashrifi bilan Janubiy Koreya poytaxti Seulga yetib borgani haqida xabar berilgandi.