Banklarda ehtimoliy yo‘qotishlar uchun zaxira shakllantirish tartibi belgilandi

O‘zbekistonda banklar aktivlar sifati bo‘yicha yangi tartib asosida zaxira shakllantiradi. Adliya vazirligi tegishli idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yangi tartib banklar, mikromoliya banklari hamda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga ham tatbiq etiladi.
Aktivlar besh toifaga ajratiladi
Hujjatga ko‘ra, bank aktivlari «standart», «substandart», «qoniqarsiz», «shubhali» va «umidsiz» toifalarga ajratiladi. Ular bo‘yicha mos ravishda 1, 10, 25, 50 va 100% miqdorida zaxira shakllantiriladi.
Aktivlarni tasniflashda obyektiv mezonlar hamda qarzdorning to‘lovni amalga oshira olmaslik ehtimoli hisobga olinadi. Agar mezonlar bo‘yicha turli natija chiqsa, aktiv yomonroq toifaga kiritiladi.
Ayrim tashkilotlar uchun alohida mezonlar bo‘ladi
Banklar, nobank kredit tashkilotlari, sug‘urta va lizing kompaniyalariga berilgan aktivlar bo‘yicha alohida baholash mezonlari qo‘llanadi.
Restrukturizatsiya qilingan aktiv sifatini yaxshilash uchun esa belgilangan shartlar bajarilishi va kamida 6 yoki 12 oylik sinov davri o‘tishi talab etiladi.
Zaxiralar har oy qayta ko‘rib chiqiladi
Banklar ehtimoliy yo‘qotishlar uchun shakllantirilgan zaxiralarni kamida oyiga bir marta qayta ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi.
Bu aktivlarning holati o‘zgarganda zaxira miqdorini ham mos ravishda yangilab borish imkonini beradi.
Shuningdek, o‘qing: Banklardagi 10 trln so‘mlik aktivlar 40 ming ish o‘rni yaratishi mumkin
Muammoli aktivlar uchun yangi tartib 2028-yildan ishlaydi
2028-yil 1-yanvardan muammoli aktivlarga «foizlarni o‘stirmaslik» maqomi beriladi. Bunda hisoblangan, ammo olinmagan foizlar va boshqa daromadlar balansdan tashqari hisobvaraqlarga o‘tkaziladi.
Shuningdek, aktivni zaxira hisobidan balansdan tashqari hisobvaraqqa o‘tkazish yoki hisobdan chiqarish qarzdorning qarz majburiyatini bekor qilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilning birinchi yarmida Markaziy bankka plastik kartalar va firibgarlik bilan bog‘liq 956 ta murojaat kelib tushgani haqida xabar berilgandi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 4,1 mingta murojaat kelib tushgan. 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 2,5 mingta edi. Shu tariqa murojaatlar soni qariyb 66 foizga oshgan.