Mirziyoyev Koreya Respublikasi bilan «yangi Ipak yo‘li» qurishni taklif qildi

eʼlon qilindi
O‘zbekistonda 170 mingga yaqin koreys diasporasi yashaydi
Mirziyoyev Koreya bilan «yangi Ipak yo‘li» qurishni taklif qildi
Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligini XXI asrning «yangi Ipak yo‘li»ga qiyosladi. Uning fikricha, Koreyaning texnologiya va kapitali Markaziy Osiyoning resurslari hamda geografik imkoniyatlari bilan birlashsa, yangi ishlab chiqarish zanjirlari, logistika yo‘laklari va kelajak sanoatlari shakllanishi mumkin. Bu haqda The Chosun Daily ma’lum qildi.

Mirziyoyev 13-sentabr kuni davlat tashrifi bilan Janubiy Koreyaga bordi. 14-sentabr kuni uning Prezident Li Chje Myon bilan muzokaralari o‘tkazilishi, 16-sentabrda esa ilk Koreya – Markaziy Osiyo sammiti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Koreya texnologiyasi va O‘zbekiston resurslari birlashtiriladi

Mirziyoyevning ta’kidlashicha, ikki davlat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiradi. O‘zbekiston global qiymat zanjirlariga chuqurroq kirishni maqsad qilgan bo‘lsa, Janubiy Koreya ta’minot zanjirlarini diversifikatsiyalashga intilmoqda.

Prezident Koreya kompaniyalariga O‘zbekistonda butlovchi qismlardan tortib tayyor mahsulotgacha ishlab chiqaradigan zamonaviy sanoat markazlarini tashkil etishda ko‘mak berilishini bildirdi.

Uning fikricha, sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar, robototexnika, elektromobillar, biofarmatsevtika, «aqlli» qishloq xo‘jaligi va «aqlli» shaharlar kelgusidagi asosiy hamkorlik yo‘nalishlariga aylanishi mumkin.

Koreya investitsiyalari $8 mlrddan oshgan

Prezident keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreyaning O‘zbekistonga kiritgan jami investitsiyalari $8 mlrddan oshgan.

Mamlakatda Koreya kompaniyalari ishtirokidagi 700 dan ortiq qo‘shma loyihalar va hamkorlik dasturlari amalga oshirilmoqda. KOICA, Koreya Eksimbanki va Iqtisodiy taraqqiyot hamkorlik jamg‘armasi orqali amalga oshirilgan loyihalar hajmi esa $3,5 mlrddan ortgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi ham so‘nggi yillarda besh baravar oshgani qayd etildi.

Samsung, LG, Hyundai, Kia, Korea Gas Corporation, Lotte, Youngone Corporation va Bomi Construction kabi kompaniyalar O‘zbekistonda sanoat, transport, tibbiyot va raqamli infratuzilma yo‘nalishlarida faoliyat yuritmoqda.

«Bugungi Ipak yo‘li texnologiya va infratuzilma orqali quriladi»

Mirziyoyev qadimgi Ipak yo‘li tovarlar, bilim va g‘oyalar almashinuviga xizmat qilganini eslatdi.

Uning fikricha, zamonaviy Ipak yo‘li ilg‘or ishlab chiqarish tarmoqlari, raqamli infratuzilma, transport va energetika koridorlari orqali shakllanishi mumkin.

«Koreyaning texnologiyasi va kapitalini Markaziy Osiyoning resurslari hamda geografik ustunliklari bilan birlashtirsak, yangi qiymat zanjirlari va logistika tarmoqlarini yaratishimiz mumkin», – dedi prezident.

Ta’lim va ilmiy hamkorlik ham kengaytiriladi

Davlat rahbari kelajakdagi texnologiyalarni rivojlantirish uchun malakali kadrlar zarurligini ta’kidladi.

Shu sabab Koreya universitetlari va ilmiy muassasalari bilan akademik almashinuvlarni, qo‘shma ta’lim dasturlarini hamda ilmiy-tadqiqot markazlarini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.

Talabalar, olimlar, muhandislar, tadbirkorlar va davlat xizmatchilari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish ham ikki davlat hamkorligining muhim qismi sifatida ko‘rsatildi.

O‘zbekistonda 170 mingga yaqin koreys diasporasi yashaydi

Shuningdek, o‘qing: Mirziyoyev Seulda Koreyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi

Mirziyoyev O‘zbekistondagi koreys diasporasining ikki xalq o‘rtasidagi aloqalarda alohida o‘rin tutishini qayd etdi.

O‘zbekistonda qariyb 170 ming koreys millatidagilar yashaydi. Prezident ularning mamlakat iqtisodiyoti, jamiyati va ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shganini ta’kidladi.

«Koreya qalbimda doimo alohida o‘rin egallaydi. O‘zbekiston va Koreya nafaqat vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlar, balki bir-birini qo‘llab-quvvatlaydigan yaqin do‘stlardir», – dedi u.

Seulda ilk Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo sammiti o‘tkaziladi

16-sentabr kuni Seulda Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ilk sammiti bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etadi. Tomonlar «Seul deklaratsiyasi»ni qabul qilishi kutilmoqda.

Mirziyoyev O‘zbekiston sammit doirasida infratuzilma, innovatsiyalar va madaniy almashinuvni rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surishini ma’lum qildi.

Avvalroq O‘zbekiston yetakchisi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali suhbatlashgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek