Zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarga qanday yuridik yordamlar beriladi

eʼlon qilindi
Ayrim hujjatlar uchun davlat boji olinmaydi
Zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi
Foto: FTW

O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlarini qo‘llab-quvvatlash tizimi kengaytiriladi. Yangi qonunga ko‘ra, ayrim sud va huquqiy masalalarda ularga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Ayrim hujjatlar uchun davlat boji olinmaydi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar ayrim davlat bojlaridan ozod qilinadi.

Xususan, ularga nikoh tuzilganligi haqidagi takroriy guvohnoma, voyaga yetmagan farzandlariga esa tug‘ilganlik haqidagi takroriy guvohnoma berilganda davlat boji undirilmaydi.

Jabrlanuvchilarga bepul yuridik yordam ko‘rsatiladi

Tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilgani sabab surishtiruv, dastlabki tergov organlari yoki sudga murojaat qilgan jabrlanuvchilar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘ladi.

Bu yordam aliment undirish, bola ta’minoti uchun qo‘shimcha xarajatlarni undirish, uyga kiritish yoki uy-joydan foydalanish huquqi bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha ko‘rsatiladi.

Oila va bola bilan bog‘liq nizolar ham qamrab olinadi

Davlat hisobidan yuridik yordam otalikni belgilash yoki otalik huquqidan mahrum qilish, bolaning yashash joyini aniqlash, bola bilan ko‘rishish tartibini belgilash va nikohdan ajralish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha ham beriladi.

Shuningdek, mol-mulkni bo‘lish, noqonuniy egalikdagi mol-mulkni qaytarib olish va yetkazilgan zararni undirish masalalari ham ushbu tartibga kiradi.

Shuningdek, o‘qing: Qaynoq suv quysam, kuyasanmi — jizzaxlik ayolga nisbatan qiynoq bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Mehnat nizolarida ham yordam beriladi

Zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar ishga tiklash va ish haqini undirish bilan bog‘liq masalalarda ham davlat hisobidan yuridik yordam olishi mumkin.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda xotinini kaltaklashda gumonlangan sport ustasiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Jabrlanuvchi ayolning so‘zlariga ko‘ra, eri unga muntazam ravishda jismoniy zo‘ravonlik qilgan. Ayol, shuningdek, turmush o‘rtog‘i oilani moddiy jihatdan yetarli ta’minlamagani sababli ikki nafar kichik yoshli farzandi, jumladan, bir yoshli bolasi bilan yashash uchun doimiy ravishda kredit olishga majbur bo‘lganini bildirgan.

Shuningdek