Xorazmda bo‘lim boshlig‘i ming dollar pora bilan ushlandi

Xorazm viloyatida Qo‘shko‘pir tumani qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i R.A. fuqaroning noturar binosini turar joy toifasiga o‘tkazib berishni va’da qilib, $700 va 3,6 mln so‘m olayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Bo‘lim boshlig‘i $1 ming so‘ragan
Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida R.A. fuqaro J.P.ga tegishli noturar binoni turar joy toifasiga o‘tkazib berishni va’da qilgan. Buning uchun u $1 ming talab qilgan.
Bo‘lim boshlig‘i bu ishni viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berishini aytgan.
Kelishilgan pulning $700 qismi va 3,6 mln so‘mni olayotgan vaqtida R.A. ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlardan elektr tarmog‘iga qayta ulash uchun jami 5,5 mlrd so‘m undirilgani yuzasidan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va uning tizimidagi korxonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atgandi.