Koreya robotlar zavodi uchun O‘zbekistonga $100 mln sarmoya kiritadi

Janubiy Koreyaning ROBOTIS kompaniyasi O‘zbekistonda gumanoid robotlar ishlab chiqaradigan zavod qurish uchun qariyb $100 mln investitsiya kiritmoqda. Loyiha Toshkent shahridagi «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasida amalga oshirilmoqda. Bu haqda Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Von Do Yon «O‘zbekiston 24» telekanalining «Tahlilnoma» dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Zavodda gumanoid robotlar ishlab chiqariladi
ROBOTIS tomonidan qurilayotgan korxona gumanoid robotlar va ular uchun zarur butlovchi qismlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashadi.
Zavod loyihasi 2026-yil iyun oyida boshlangan. Korxona ishga tushirilgach, 1 mingdan ortiq malakali ish o‘rni yaratish hamda ilg‘or xorijiy texnologiyalarni O‘zbekistonga olib kirish rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida Koreyaning robototexnika sohasidagi tajribasini mahalliy mutaxassislarga o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.
ROBOTIS yirik kompaniyalar bilan ishlaydi
1999-yilda tashkil etilgan ROBOTIS avtonom robototexnika yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Kompaniya texnologiyalaridan Amazon, Microsoft, Apple, NASA, Google, Samsung va BMW kabi xalqaro kompaniyalar foydalanadi.
O‘zbekistondagi yangi ishlab chiqarish loyihasi mamlakatda yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirish va robototexnika sohasida yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Koreya kompaniyalari O‘zbekistondagi loyihalarni kengaytirmoqda
Elchi Von Do Yonning ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan koreys kompaniyalari soni oshgan.
Jizzaxdagi Kia zavodining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishi, Yangi Toshkent xalqaro aeroporti loyihasida Incheon International Airportning asosiy hamkorlardan biri sifatida qatnashayotgani hamda Koreyada ishlab chiqarilgan «Jaloliddin Manguberdi» tezyurar poyezdlari O‘zbekistonda harakatlanayotgani hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Koreyada 100 mingga yaqin o‘zbekistonlik bor
Von Do Yonning ma’lum qilishicha, hozirda 100 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi Janubiy Koreyada ishlamoqda yoki tahsil olmoqda.
Elchi O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik uchun ikki davlatning imkoniyatlari bir-birini to‘ldirishini ta’kidladi. Koreya yuqori texnologiyalar bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lsa, O‘zbekiston tabiiy resurslar bilan bir qatorda yosh va malakali kadrlar salohiyatiga ega.
Koreya O‘zbekiston bilan alohida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatgan davlatlardan biri hisoblanadi. Tomonlar kelgusida sun’iy intellekt, farmatsevtika, biotexnologiya va boshqa yuqori texnologiyali sohalarda qo‘shma loyihalarni ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Microsoft asoschisi Bill Geyts sun’iy intellekt va robotlar inson mehnatini siqib chiqara boshlagan sari ulardan foydalanishga soliq joriy etish kerakligini taklif qilgandi.