O‘zbekistonlik siyosatchi Yaponiyada yangi partiya tuzdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
«Shinseito» nomli partiya ochgan
Foto: Chon Je Ukning X sahifasi

O‘zbekistonda tug‘ilgan Orzigul Boboxo‘jayeva va Janubiy Koreyada tug‘ilgan Chon Je Uk (yaponcha ismi – Dey Akira) Yaponiyada «Shinseito» («Yangi avlod partiyasi») siyosiy partiyasini tuzdi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi. 

Boboxo‘jayeva yangi siyosiy birlashma raisi, Chon Je Uk esa hamrais etib tayinlandi.

Chon Je Uk 1985-yilda Yaponiyaga xorijiy talaba sifatida kelgan va keyinchalik Yaponiya fuqaroligini olgan. U Sindzyuku tumanidagi koreys tadbirkorlari uyushmasiga rahbarlik qilgan. Mazkur uyushma Shin-Okubo koreys mahallasidagi biznes egalari birlashmasi hisoblanadi.

Boboxo‘jayeva ham Yaponiya fuqaroligini olgan. 2023-yilda u Setagaya tumani deputati etib saylangan. Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda tug‘ilgan siyosatchi Yaponiya Konstitutsiyaviy-demokratik partiyasidan nomzod sifatida saylovda qatnashgan va yakuniy bosqichda 6,7 mingdan ortiq ovoz to‘plagan.

Siyosatchilarning so‘zlariga ko‘ra, bu Yaponiyada fuqarolikka qabul qilingan shaxslar tomonidan siyosiy partiya tuzilishining ilk holati hisoblanadi.

Partiya faoliyatini xorijliklar ko‘p yashaydigan Sindzyuku tumaniga qaratishni rejalashtirmoqda.

Chon Je Ukning aytishicha, haqiqiy multikultural hamjihatlik fuqaroligi va kelib chiqishidan qat’i nazar, odamlar Yaponiya qonunlariga rioya qiladigan, bir-birini hurmat qiladigan va xavfsiz yashashi mumkin bo‘lgan jamiyatni yaratishdan iborat.

Yangi partiya nimalarni taklif qilmoqda

Partiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri multikultural jamiyatni rivojlantirish bo‘ladi. Biroq Boboxo‘jayeva partiya muayyan millat yoki kelib chiqish vakillari uchun tuzilmaganini va Yaponiyadagi xorijliklar sonini ko‘paytirishni maqsad qilmaganini ta’kidladi.

Shuningdek, «Shinseito» tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, madaniyatni asrab-avaylash va xalqaro darajadagi kadrlarni tayyorlashni rejalashtirmoqda.

«Biz bolalar yoshligidan Yaponiya tarixi va madaniyatini, shuningdek, o‘zlari yashayotgan hudud tarixini o‘rganishlarini va o‘z mamlakati hamda hududi haqida o‘z so‘zlari bilan gapira olishlarini istaymiz. Shu bilan birga, xorijiy tillarni bilish va xalqaro tafakkurni rivojlantirish zarur. Shunda yoshlar butun dunyodagi insonlar bilan teng sharoitda muloqot qilishi, ta’lim olishi va ishlashi mumkin bo‘ladi», – dedi siyosatchi.

U kelajakda bolalar Yaponiya texnologiyalari, mahsulotlari, madaniyati va xizmatlarini butun dunyoga targ‘ib qila olishlariga umid bildirdi.

Avvalroq Yaponiyada 1 800 kishi Xirosaki qal’asining 360 tonnalik tarixiy minorasini qo‘lda ko‘chirishda ishtirok etgandi.

Shuningdek