O‘zbekistonda hafta davomida ob-havo biroz salqinlaydi

14–18-sentabr kunlari O‘zbekiston bo‘yicha iliq ob-havo saqlanib turadi. Kunduzgi harorat asosan 28–33 daraja, janubiy hududlarda esa 35–37 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
«O‘zgidromet»ga ko‘ra, hafta davomida havo harorati sentabr oyi o‘rtasi uchun xos bo‘lgan iqlimiy me’yorlarga yaqin bo‘ladi. Kechalari harorat 13–18 daraja atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin
Respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat 16-sentabr kuni Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Tog‘li hududlarda esa 14–17-sentabr kunlari ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.
Shamol kuchayishi mumkin
Shamol tezligi asosan 7–12 metr/soniyani tashkil etadi.
16-sentabr kuni ayrim hududlarda shamol 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi va chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Shuningdek, o‘qing: 2026-yilning avgusti tarixdagi eng issiq oy bo‘ldi
Toshkentda yog‘ingarchilik kutilmaydi
Toshkentda 14–18-sentabr kunlari havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Harorat kechalari 15–18 daraja, kunduz kunlari esa 30–33 daraja bo‘lishi kutilmoqda. Shamol sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2026-yil sentabr oyida ob-havo nisbatan quruq va biroz iliq bo‘lishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi.