Sindarovga Olimpiada mash’alasi topshirildi: olov Samarqandga olib kelinadi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Hindistonning Bengaluru shahrida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining mash’ala estafetasi bo‘lib o‘tdi
Foto: Uzchess

Hindistonning Bengaluru shahrida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining mash’ala estafetasi bo‘lib o‘tdi. Marosimda FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi Vishvanatan Anand va Hindiston shaxmat federatsiyasi prezidenti Nitin Narang Olimpiada mash’alasini O‘zbekiston grossmeysteri Javohir Sindarovga tantanali ravishda topshirdi. Bu haqda Uzchess xabar berdi.

Endilikda ramziy olov Hindistondan Samarqandga olib kelinadi. Mash’ala 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining boshlanishi oldidan ikki davlat o‘rtasidagi shaxmat an’analarini bog‘lovchi ramziy timsol sifatida namoyon bo‘ladi.

Mash’ala Sindarov orqali Samarqandga yetkaziladi

Mash’alaning Sindarovga topshirilishi bejiz emas. O‘zbekistonlik grossmeyster ayni paytda jahon shaxmatining eng e’tiborli yosh vakillaridan biri hisoblanadi.

Sindarov 2026-yilgi Global Chess League musobaqasida Fyers American Gambits safida ishtirok etib, ketma-ket muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. U avval besh karra jahon chempioni Vishvanatan Anandni, keyingi bahsda esa fransiyalik Alirizo Firuzjani mag‘lub etdi. Firuzjaga qarshi g‘alaba jamoasining turnir jadvalida yuqorilashida hal qiluvchi rol o‘ynagan.

Shu tariqa Sindarov Hindistondagi nufuzli turnirdagi ishtirokini Olimpiada mash’alasini qabul qilish marosimi bilan yakunlamoqda. Global Chess League 5 – 13-sentabr kunlari Bengaluru shahrida o‘tkazildi va undan so‘ng shaxmatchilar Samarqanddagi Olimpiadaga yo‘l oldi.

Samarqandda rekord darajadagi Olimpiada bo‘ladi

46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi 15-sentabr kuni Samarqandda ochiladi. Birinchi tur bahslari esa 16-sentabr kuni boshlanadi va musobaqa 27-sentabrgacha davom etadi.

Bu safargi Olimpiada ishtirokchilar soni bo‘yicha tarixdagi eng yirik shaxmat Olimpiadasiga aylanishi kutilmoqda. FIDE ma’lumotlariga ko‘ra, musobaqada jami 400 ta terma jamoa qatnashadi. Shundan 208 tasi ochiq, 192 tasi ayollar o‘rtasidagi bahslarda ishtirok etadi.

Bu ko‘rsatkich 2024-yilda Budapeshtda qayd etilgan 380 ta jamoalik avvalgi rekorddan yuqori.

O‘zbekiston oltin uchun asosiy da’vogarlardan

Olimpiadaning ochiq turnirida mezbon O‘zbekiston terma jamoasi ham oltin medal uchun asosiy da’vogarlar qatorida ko‘rilmoqda. The Guardian tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston bilan bir qatorda amaldagi chempion Hindiston, Xitoy va AQSh terma jamoalari musobaqaning asosiy favoritlari hisoblanadi.

Hindiston 2024-yilgi Budapesht Olimpiadasida ochiq turnirda chempion bo‘lgan va bu safar o‘z unvonini himoya qiladi. O‘zbekiston esa mezbon sifatida kuchli tarkib bilan maydonga chiqadi.

O‘zbekiston tarkibida Javohir Sindarov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Jahongir Vohidov kabi grossmeysterlar bor.

Olimpiada oldidan yana bir tarixiy voqea

Samarqanddagi asosiy Olimpiada bilan bir paytda shaxmatning inklyuziv yo‘nalishiga ham katta e’tibor qaratilmoqda.

10-sentabr kuni Samarqandda 3-FIDE imkoniyati cheklangan shaxslar o‘rtasidagi shaxmat Olimpiadasi boshlangan. Unda rekord darajada 41 ta jamoa qatnashmoqda. Bu musobaqa ilk bor asosiy FIDE shaxmat Olimpiadasi bilan bir shaharda va bir davrda o‘tkazilmoqda.

Shunday qilib, Samarqand yaqin kunlarda jahon shaxmatining asosiy markazlaridan biriga aylanadi. Avval mash’ala shaharga kirib keladi, 15-sentabr kuni esa 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining ochilish marosimi o‘tkaziladi. Samarqanddagi Olimpiada boshlanishiga 2 kun qoldi.

Avvalroq oʻzbekistonlik grossmeysterlar Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov Osiyo shaxmat federatsiyasining sentabr oyi uchun yangilangan erkaklar reytingida mos ravishda birinchi va ikkinchi oʻrinni egallagani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek