AQSh Oliy sudi Trampning pochta orqali ovoz berishni cheklash talabini rad etdi

eʼlon qilindi
Turli tadqiqotlarda demokrat saylovchilar pochta orqali ovoz berish usulidan respublikachilarga nisbatan ko‘proq foydalanishi qayd etilgan
AQSh Oliy sudi Trampning pochta orqali ovoz berishni cheklash talabini rad etdi
Foto: Jorj Frey/Getty Images

AQSh Oliy sudi prezident Donald Trampning noyabr oyidagi oraliq saylovlar oldidan pochta orqali ovoz berish qoidalarini keskinlashtirishga qaratilgan talabini rad etdi. Bu haqda DW xabar bermoqda.

Amaldagi tartib saqlanib qoladi

Tramp quyi sudning yangi cheklovlarni to‘xtatib turish haqidagi qarorini bekor qilishni so‘ragan edi. Biroq Oliy sud uning talabini qanoatlantirmadi.

Sudya Brett Kavanaugh ko‘pchilik fikriga qo‘shilib, Tramp taklif qilgan qoidalar kelajakda qonuniy deb topilishi mumkinligini istisno qilmagan. Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, shtat va mahalliy saylov organlari saylovgacha yangi tizimni oqilona joriy etishga ulgurmaydi.

Qaror natijasida shtatlar pochta orqali saylov byulletenlarini avvalgi tartib asosida yuborishda davom etadi. AQShda saylovchilarning qariyb uchdan bir qismi pochta orqali ovoz beradi.

Tramp qanday cheklovlarni taklif qilgan edi

Tramp ma’muriyati shtatlardan pochta byulletenlari uchun yagona turdagi konvertlardan foydalanishni va byulleten oluvchilar ro‘yxatini AQSh pochta xizmatiga taqdim etishni talab qilmoqchi bo‘lgan.

Yangi standartlarga mos kelmagan byulletenlarni pochta xizmati jo‘natmasligi mumkin edi. Tanqidchilar bunday tizim saylov oldidan minglab qonuniy byulletenlarning yetkazilishiga xalaqit berishi mumkinligini bildirgan.

Tramp pochta orqali ovoz berishni nega cheklamoqchi

Donald Tramp mart oyida pochta orqali ovoz berishga cheklovlar joriy etishga qaratilgan farmonni imzolagan. U bu tizim saylovdagi firibgarlikka moyil ekanini ta’kidlagan, biroq bu da’vosini tasdiqlovchi dalillar keltirmagan.

DW ma’lumotiga ko‘ra, turli tadqiqotlarda demokrat saylovchilar pochta orqali ovoz berish usulidan respublikachilarga nisbatan ko‘proq foydalanishi qayd etilgan. Shu sababli bunday cheklovlar siyosiy jihatdan respublikachilar foydasiga ishlashi mumkinligi haqida fikrlar bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQShda dizel narxi tarixda ilk bor 6 dollardan oshgani haqida yozgan edi.

Shuningdek