Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun 200 ta ish o‘rni taklif qilindi

Migratsiya agentligi va RRG AG tashkiloti o‘zbekistonlik qurilish sohasi mutaxassislarini Germaniyada ishlashga taklif qilmoqda. Dastur doirasida 200 ta ish o‘rni mavjud bo‘lib, oylik maosh qo‘lga 2 500 yevroni tashkil etadi.
Arizalar 30-sentabrgacha qabul qilinadi. Nomzodlar uchun nemis tili kursi, til sertifikati imtihoni, viza va aviachipta xarajatlari bepul bo‘ladi.
Qaysi mutaxassislar kerak
Vakansiyalar g‘isht teruvchi, qurilish duradgori, qurilish chilangari, sanoat mexanigi, qurilish kran operatori, payvandchi va beton quyuvchi yo‘nalishlarida taklif etilmoqda.
Ish haftasiga besh kun, jami 40 soatni tashkil qiladi. Sinov muddati olti oy bo‘ladi.
Nomzodlar 18 – 39 yoshda bo‘lishi, oliy yoki kasb-hunar ta’limi haqidagi diplomga ega bo‘lishi kerak. Tegishli yo‘nalish bo‘yicha kamida ikki yillik texnikum yoki kollej diplomi hamda so‘nggi besh yil ichida kamida ikki yillik ish tajribasi talab etiladi.
Oylik maosh 2 500 yevro
Ishchilarga oyiga 2 500 yevro miqdorida qo‘lga tegadigan ish haqi to‘lanadi. Germaniyadagi turarjoy uchun oyiga 300 yevro va oziq-ovqat xarajatlari nomzodning o‘z hisobidan qoplanadi.
Mehnat sharoitlari, jumladan, ish haqi, ustamalar, sug‘urta va ta’til Germaniyadagi mahalliy xodimlar bilan teng shartlarda belgilanadi. Nomzodlar bilan olti oylik sinov muddatini o‘z ichiga olgan muddatsiz mehnat shartnomasi tuziladi.
Shuningdek, o‘qing: Qatar o‘zbekistonliklarni 10 yo‘nalish bo‘yicha ishga taklif qilmoqda
Nemis tili bepul o‘rgatiladi
Tanlovdan o‘tgan talabgorlar Toshkentdagi Berlitz o‘quv markazida sakkiz oy davomida «A1» darajadan «B1» darajagacha bepul nemis tili kursida o‘qiydi.
Til kursi xarajatlari Migratsiya agentligi va ish beruvchi tomonidan qoplanadi. Shuningdek, til sertifikati imtihoni, viza va Germaniyaga aviachipta xarajatlarini ham ish beruvchi to‘laydi.
Arizalar 30-sentabrgacha qabul qilinadi
Ish beruvchilar bilan onlayn suhbatlar oktabr oyidan boshlab har hafta o‘tkaziladi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar guruhlar shakllanishiga qarab nemis tili kurslariga jalb etiladi.
Germaniyada ish boshlaganidan keyin xodimlarda oila a’zolarini doimiy yashash uchun olib kelish hamda bolalar uchun nafaqa olish imkoniyati ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sverdlovskda o‘zbekistonliklarga 150 ming rublgacha maoshli ish taklif qilingandi.