Xitoy fuqarolarining xorijga chiqishiga yangi cheklovlar joriy etdi

eʼlon qilindi
Chiqish taqiqlari soni keskin oshgan
Xitoy fuqarolarining xorijga chiqishiga yangi cheklovlar joriy etdi
Foto: Pexels

Xitoyda mamlakatga kirish va undan chiqish bilan bog‘liq yangi qoidalar kuchga kirdi. Unga ko‘ra, milliy xavfsizlik yoki davlat manfaatlariga zarar yetkazgan deb topilgan fuqarolarning xorijga chiqishi uch yilgacha cheklanishi mumkin.

Cheklovlar kimlarga tatbiq etiladi

Yangi qoidalarga ko‘ra, xorijda Xitoyning milliy xavfsizligi yoki manfaatlariga zarar yetkazgan deb baholangan fuqarolar mamlakatga qaytgach, uch yilgacha xorijga chiqish huquqidan mahrum qilinishi mumkin.

Shuningdek, texnologiyalar importi va eksporti bo‘yicha qoidalarni buzgan shaxslar ham safar cheklovlariga duch kelishi mumkin. Xitoy hukumati bu choralar «milliy suverenitet va xavfsizlikni himoya qilish» uchun joriy etilganini bildirgan.

Rasmiylar yangi tartib oddiy fuqarolarning safar qilish huquqini cheklamasligini ta’kidlamoqda.

Tanqidchilar nazorat kuchayishini aytmoqda

BBC bilan suhbatlashgan ekspertlar esa yangi qoidalar Pekinning fuqarolar faoliyatini, jumladan, xorijdagi xatti-harakatlarini nazorat qilish imkoniyatini kengaytirishi mumkinligini aytmoqda.

Jorjtaun universiteti Osiyo huquqi markazi ijrochi direktori Tom Kellogg bu mexanizm fuqarolarning xorijda nima qilishi va nimalar aytishini nazorat qilish uchun qo‘shimcha vosita bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Uning aytishicha, ayrim hollarda davlat xavfsizlik organlari hukumatni xorijda tanqid qilgan yoki huquqiy faollik bilan shug‘ullangan shaxslarga pasport berishni rad etishi mumkin.

«Xavfli» davlatlarga safarlar ham nazorat qilinadi

Yangi qoidalarga binoan, chegara xizmati xodimlari Xitoy fuqarolariga «yuqori xavfli» deb baholangan mamlakat va hududlarga safar qilmaslikni tavsiya qilishi kerak.

Biroq ayrim davlat xizmatchilari va davlat korxonalarida ishlaydigan fuqarolar oldin ham xorijga chiqishda cheklovlarga duch kelgan. Ularning ayrimlari pasportlarini ish joyiga topshirishi va safar uchun alohida ruxsat olishi talab etilganini aytgan.

Chiqish taqiqlari soni keskin oshgan

Safeguard Defenders tashkiloti BBCga taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda xorijga chiqishni taqiqlash bilan bog‘liq holatlar so‘nggi yillarda keskin ko‘paygan.

Xitoy Oliy sudi bazasida 2016-yilda chiqish taqiqlari tilga olingan 89 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 188 760 taga yetgan. Shuningdek, 2019 – 2025-yillarda chiqish cheklovlari bilan bog‘liq fuqarolik sud qarorlari ulushi qariyb 0,23 foizdan 7,3 foizgacha oshgan.

Avvalroq Qirg‘izistonning Xitoydan qancha qarzi borligi ochiqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek