Shikoyatlar ko‘paydi: Raqobat qo‘mitasi WB Taxi’ga so‘rov yubordi

Raqobat qo‘mitasi 2026-yil yanvar – avgust oylarida WB Taxi faoliyati bo‘yicha qariyb 20 ta murojaat kelib tushganini ma’lum qildi. Shikoyatlarda taksining belgilangan joyga kelmasligi, haydovchi bilan qayta bog‘lanish imkoni yo‘qligi va operator tomonidan choralar ko‘rilmayotgani qayd etilgan.
Qo‘mita so‘nggi vaqtlarda taksi xizmatlari bo‘yicha murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlardagi e’tirozlar ko‘payganini bildirdi.
Qo‘mita qonunchilik talablariga rioya etilishini tekshirmoqda
Shuningdek o‘qing: Toshkentda taksi haydovchisi mojarosida gumonlangan ikki kishiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Raqobat qo‘mitasi o‘rganishlar davomida kompaniya faoliyatida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, elektron tijorat va raqamli platformalar faoliyatiga oid ayrim talablar yetarlicha bajarilmayotganini ma’lum qildi.
Shu sabab «WB TAXI» MChJga qonunchilik talablariga rioya etish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi bilan qayta bog‘lanish va zarur ma’lumotlarni olish imkoniyatini yaratish choralarini ko‘rish yuzasidan rasmiy so‘rov yuborilgan.
Qo‘mita mazkur murojaatlarni nazoratga olganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uklon 5-avgustdan boshlab Farg‘ona vodiysidagi beshta shaharda ish boshlagani ma’lum qilingandi.