Davlatobod tumanida 1 mlrd so‘mlik budjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlandi

Namangan viloyatining Davlatobod tumanida ta’lim muassasalari uchun isitish qozonlarini sotib olish jarayonida 1 mlrd so‘mlik budjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Shartnomadagi qozonlar o‘rniga boshqasi xarid qilingan
Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Davlatobod tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ul shaxslari va boshqalar o‘zaro til biriktirgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, tumandagi ta’lim muassasalariga isitish qozonlari yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomaga asosan, «ABS» rusumidagi isitish qozonlari xarid qilinishi kerak bo‘lgan.
Biroq amalda «LES» rusumidagi isitish qozonlari sotib olingan.
1 mlrd so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan
Tekshiruv natijasida mazkur holat oqibatida 1 mlrd so‘mlik budjet mablag‘i o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi – o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Qo‘shtepa tumanida 158,7 mln so‘mlik budjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlangani haqida yozgan edi.